French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank xizmatlari aholiga yanada yaqinlashmoqda
16:21 / 2025-04-02

Bugun yurtimizda mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va daromadli qilish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hududlarda aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni keng joriy qilish, mahallalarda ehtiyojmand aholi qatlami bilan manzilli ishlashni tashkil etish va ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning asosiy vazifalari belgilab berildi. 

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 330 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, ularga 97 ta mahalla bankiri hamda 321 ta yordamchi-agentlar biriktirildi. 

– Ushbu jarayonni banklar kesimida olib qaraydigan bo‘lsak, “Agrobank” ATB Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 82 ta mahallaga 21 ta mahalla bankiri hamda 80 ta yordamchi-agentlar biriktirilgan bo‘lsa, “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan esa 50 ta mahallada 17 ta mahalla bankiri hamda 50 ta yordamchi-agentlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi boshqa tijorat banklari tomonidan ham mazkur yangi loyiha doirasida mahallalarda bank xodimlari samarali ish boshladi, – deydi Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Tolib O‘rinov. – E’tiborli tomoni, viloyatimizda 2025 yilda dastur doirasida mahalla bankirlari tomonidan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va daromadli qilish bo‘yicha 640,8 milliard so‘m kredit ajratilishi belgilangan. Qayd etish kerakki, mahalla bankirlari va yordamchi-agentlar mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganib, odamlar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazmoqda, ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantirmoqda. Xususan, aholi bilan kredit olish, qaytarish, biznesni yo‘lga qo‘yish va mahsulotini sotish kabi masalalarda muloqotlar o‘tkazilib, ularning moliyaviy savodxonligini oshirishga ko‘maklashilmoqda. Shu bilan birga, tayyor bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish va biznesni yo‘lga qo‘yish jarayonlarida aholining eng ishonchli hamda yaqin hamkoriga aylanmoqda. Shuning bilan birga, aholini mehnat qilishga o‘rgatmoqda, mahalladagi kambag‘al oilalarni qisqartirishga ko‘maklashmoqda, biznesga jalb etishga yordamlashyapti. 

AT “Aloqabank” Navoiy hududiy kompleks xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan Navoiy shahrining “Ishonch”, “Vatan”, “Kimyogar” hamda “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan mahalla bankiri Habibullo Barpiyev faoliyatga kirishgan kundan buyon mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganib, odamlar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, jarayonda ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantirishga ko‘maklashilmoqda.

– Aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga yaqindan yordam berish barobarida, tayyor bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish va biznesni yo‘lga qo‘yish jarayonlarini tezlatishga harakat qilmoqdamiz, – deydi mahalla bankiri H.Barpiyev. – O‘tgan qisqa davr ichida har bir mahallada 6-7 tadan mikroloyihalar amalga oshirilishiga erishdik. Joriy yil davomida har bir mahalla kesimida 40 tadan mikroloyiha tashkil etish choralarini ko‘rmoqdamiz.

Eng muhimi bugun mahalla bankirlari va yordamchi-agentlar orqali bank xizmatlari aholiga yanada yaqinlashmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri