Mamlakatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Strategiya loyiha jamoatchilik muhokamasiga e’lon qilindi.
Strategiya loyihasida bank tizimida quyidagi maqsadlarga erishish ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekiston–2030» strategiyasi mamlakat bank-moliya tizimini tubdan yangilashni ko‘zda tutadi. Hujjatda banklarning iqtisodiyotdagi roli, ularning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan qator aniq maqsadlar belgilangan.

Davlat banklari soni qisqaradi. 2030 yilga borib davlat ixtiyorida 4 ta bankni saqlab qolish ko‘zda tutilmoqda. Bunda har yili bittadan davlat bankini xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.
Bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 720 trillion so‘mga yetkazish ko‘zlanmoqda. Bunda yillik kreditlash hajmini 11-12 foizdan ko‘paytirib borish belgilanmoqda.
Tijorat banklari depozitlari qoldig‘ini yillik 7-8 foiz darajasida oshirib borish natijasida 2030 yilga borib 560 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Davlat banklari aktivlarining jami bank tizimi aktivlaridagi ulushini 55 foizgacha kamaytirish ko‘zlanmoqda.
O‘zbekistonda islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratish hamda kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Strategiyaga muvofiq, bank tizimida davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish rejalashtirilgan. Xususan, amalda faoliyat yuritayotgan davlat banklaridan faqat 4 tasini davlat ixtiyorida saqlab qolish ko‘zda tutilmoqda.
Qolgan davlat ulushiga ega banklar xususiylashtiriladi yoki strategik investorlar ishtirokida qayta tashkil etiladi. Bu jarayon bank xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirish, boshqaruv sifatini oshirish hamda moliyaviy resurslarni samarali taqsimlashga xizmat qiladi.
Davlat ulushi 55 foizgacha tushiriladi. Ayni paytda davlat banklari aktivlari umumiy bank tizimi aktivlarining taxminan 65 foizini tashkil etmoqda. «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida ushbu ko‘rsatkichni 55 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Strategiyada ilk bor islomiy moliyani joriy etish alohida maqsad sifatida belgilandi. Unga ko‘ra, islomiy moliya xizmatlarining huquqiy asoslari yaratiladi. Kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya mahsulotlari yo‘lga qo‘yiladi. 2027 yilda O‘zbekistonda ilk islomiy bank ochilishi kutilmoqda.
Bu yo‘nalish aholining foizsiz moliyalashtirishga qiziqishini hisobga olgan holda, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan moliyaviy hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.
Depozit va kredit hajmlari keskin oshadi. «O‘zbekiston–2030» strategiyasi bank resurs bazasini kengaytirishni ham maqsad qilgan. Jumladan, banklarda depozitlar qoldig‘i 400 trln. so‘mdan 560 trln. so‘mgacha yetkaziladi. Yillik kreditlash hajmi esa 720 trln. so‘mgacha oshiriladi.
Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyotni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik va investitsiya faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA