To‘lqin Amonov yoshligidan hisob-kitobga qiziqdi. Maktabda aniq fanlarga mehr qo‘yib, bankda ishlashni orzu qildi.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi o‘rta maktabni tamomlab, 1974 yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirdi. Bank sohasidagi faoliyatini 1978 yil Samarqand viloyati Davlat bankining Oqtosh bo‘limida iqtisodchi lavozimidan boshladi. Iqtidori tufayli sohada hurmat qozondi. Sohada turli lavozimlarda faoliyat yuritdi. Orada hayotning turli sinovli chig‘iriqlaridan ham o‘tdi. Noto‘g‘ri ayblov bilan bir muddat ozodlikdan mahrum etildi.
Ancha muddat o‘zi sevgan sohada ishlay olmadi. Turli ishlab chiqaruvchi korxonalarda iqtisodchi va xususiy korxonalarda rahbar lavozimlarida ishladi. Doim bank sohasiga qaytishga, qaytganda ham oqlanib qaytishga urindi va bu orzusi ushaldi.
– Bank sohasi qiziq soha, – deydi To‘lqin Amonov. – Kirdingmi, chiqib keta olmaysan. Chiqib ketsang, tezda uni sog‘inasan. Bu sohada ishlashni o‘smirlik vaqtim astoydil xohlaganman. Orzularim ushalgach, sohada malakamni oshirishga kirishdim. Bank hayotimning bir bo‘lagiga aylangan. Kasbimga qanchalik mehrim baland bo‘lsa, ish joyimni ham shunchalar sevaman. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan bir vaqtlar nohaq ayblanganlarni oqlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirildi. Ish yopilganiga ancha bo‘lgan bo‘lsa-da, yana uni o‘rganish imkoniyati berildi. Har qanday shikoyatlar esa ko‘rib chiqilmoqda. Asossiz qamoqda ushlangan O‘zbekiston fuqarolariga o‘zlarini oqlash imkoni berildi. Bunda men ham 24 yil ichida yuragimga tugib yurgan niyatlarimni amalga oshirdim. To‘g‘ri, oson bo‘lmadi. Bu orada turli sohalarda nufuzli lavozimlarda ishlagan bo‘lsamda, bank tizimiga qaytish niyatim so‘nmadi. Qaytganda ham oqlanib, so‘ng qaytishim kerak, dedim. Qariyb 25 yillik orzuim 2020 yil bahorida amalga oshdi. Mana bugun yana bank sohasida faoliyat yuritayapman.
Sabr tagi sariq oltin, deb bekorga aytishmagan dono xalqimiz. To‘lqin Amonov 24 yil oldin bo‘yniga qo‘yilgan ayblovlarini 2020 yilda olib tashlashga musharraf bo‘ldi. Sud oldida, avvalo, vijdoni oldida oqlandi.
– Biz ham banklari ko‘p mamlakatlar qatoridamiz, – deydi taniqli iqtisodchi Alijon Yusupov. – Ularda asosan yoshlar ishlashadi. Fan va texnika taraqqiy etgan bo‘lsa-da, bankning vazifasi hamon o‘sha – inson omiliga naf keltirish, mamlakat taraqqiyotiga molik ishlarni amalga oshirish. Shunday ekan, yoshlar tajribali iqtisodchilarni, bank sohasini ikir-chikirigacha biladigan bankirlarni va qolaversa, shu sohasining fidoyisi To‘lqin Amonov singari insonlarning etagidan tutib, soha rivojiga hissa qo‘shishlari kerak. Sohaga sadoqat va mehr qo‘yishni o‘rganish kerak.
Bank sohasi haqida gap ketsa, beixtiyor kishi hayoliga pul, hisob raqamda saqlanayotgan qimmatli qog‘ozlar, omonatlar keladi. Bankda ishlaydigan kishilarni esa, qiladigan ishi pul sanashdan iborat, deb tushuniladi. Bank, avvalo, inson uchun uning istiqbolli hayoti, u yashab turgan mamlakat farovonligi uchun kurashadigan tashkilot.
To‘lqin Amonov Mikrokreditbank amaliy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan. Ayni vaqtda soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shib, yoshlarga o‘z tajribasini ulashib kelmoqda.
Bank sohasi juda injiq soha. U kishidan katta mas’uliyat va yuksak salohiyat talab etadi. Bank sohasiga mehr qo‘ygan kishi bu kasbni tashlab ketgisi kelmaydi. Chetdan qaraganda faqat hisob-kitob, pul va u bilan bog‘liq munosabatlarni amalga oshiradigan joydek ko‘rinadi. Ammo bu yerda inson omiliga e’tibor, mamlakat taraqqiyotiga molik ishlar hal bo‘ladi. Rivojlangan davlatlarning banklari ham ko‘p bo‘ladi.
Dilobar Mamatova, O‘zA