Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank sarmoyasi – xalq farovonligi uchun
15:40 / 2014-11-07

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mamlakatimiz iqtisodiyotida barqaror o‘sish ta’minlanmoqda. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mamlakatimiz iqtisodiyotida barqaror o‘sish ta’minlanmoqda. 

Ushbu jarayonda yetakchi moliya muassasalaridan biri – “Asaka” davlat aksiyadorlik tijorat banki ham faol ishtirok etmoqda. 26 filial, 103 mini-bank, 480 dan ortiq jamg‘arma, maxsus va sayyor kassalar orqali xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholiga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatayotgan bankning faoliyat ko‘lami barqaror sur’atlar bilan kengaymoqda. Natijada jahonning nufuzli “Moody’s Investors Service” va “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentliklari “Asaka” banki faoliyatini yuqori baholamoqda. Bunda muvozanatlashgan likvidlik, moliyaviy natijalarni yaxshilash inobatga olingan bo‘lib, bank aktivlarining tez o‘sishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Bank matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2014-yilning 9 oyi davomida bank aktivlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 858,5 milliard so‘mga o‘sgan. Iqtisodiyotning turli sohalarini rivojlantirish maqsadida 1262,6 milliard so‘m sarmoya yo‘naltirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida uy-joy qurilishi uchun pudratchi tashkilotlarga 72,2 milliard so‘m kredit ajratilib, 74 ko‘p qavatli turar joy binosi qurildi. 

Bank avtomobilsozlik, tog‘-kon, neft-gaz, kimyo, energetika, yengil, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, transport, qurilish va boshqa tarmoqlarga oid investitsiya loyihalarini ham faol moliyalashtirmoqda. Buning uchun joriy yilning o‘tgan davrida 641,7 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarda ham bankning hissasi oshmoqda. Ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini kengaytirish, sifatini yanada yaxshilash va kredit mablag‘lari hajmini ko‘paytirish maqsadida 752,1 milliard so‘m sarmoya ajratildi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga 63,8 milliard, xizmat ko‘rsatish va servis sohasiga 113 milliard, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandlikka 7 milliard, bitiruvchilarni tadbirkorlikka jalb etish uchun 7,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani buning dalilidir. 

Bu mamlakatimizning barcha hududida, ayniqsa, mehnat resurslari zich joylashgan mintaqalarda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda qo‘l keldi.

“Asaka” banki qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jalik korxonalariga moliyaviy ko‘mak berish orqali agrotexnik tadbirlarni samarali o‘tkazish uchun 124,5 milliard so‘m kredit yo‘naltirdi. Ushbu mablag‘lar qishloq xo‘jaligini turli rusumdagi yuqori unumli zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikasi bilan ta’minlash, davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan paxta va g‘alla xomashyosini yetishtirish, chorvachilik, parrandachilikni rivojlantirish kabi maqsadlar uchun sarflandi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishida real sektorga qaratilayotgan e’tibor hamda bank mablag‘larining barcha tarmoqlarga izchil jalb etilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, hozir banklarning rivojlanish strategiyasi aynan real sektordagi o‘sish bilan chambarchas bog‘liq. Banklar korporativ mijozlarning erishgan darajalarini saqlab qolish bilan birga, ishlab chiqarishni kengaytirish, raqobatbardosh yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratib bermoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal bo‘lmoqda. 

Bugungi kunda bank kreditlari korxonalarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, yangi texnologiyalarni tatbiq etish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilmoqda. Shu bois bank balansiga qabul qilingan bankrot korxonalarga 38 milliard so‘m miqdorida investitsiyalar kiritilib, 4 ming 585 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Bankrot korxonalar negizida 13 sho‘ba korxona tashkil qilinib, 43 korxona investorlarga sotildi. Ishlab chiqarish faoliyati tiklangan bankrot korxonalarda 364,4 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi va 49,8 million AQSh dollarilik mahsulotlar eksport qilindi. 

Aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, naqd pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish ham doimiy e’tiborda. Ayni paytda bank mijozlar uchun milliy va xorijiy valyutadagi to‘qsondan ortiq omonat turini taklif etmoqda. Aholining erkin pul mablag‘larini omonatlarga jalb etishni yanada rag‘batlantirish yumushlari tufayli omonatchilar soni 1 million 426 ming nafardan oshdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 19-apreldagi “Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimi yanada rivojlanmoqda. Joriy yilning oktabr oyi holatiga ko‘ra, 1,4 million donadan ortiq plastik kartochka muomalaga chiqarildi, 9 ming 770 dan ziyod terminal, 27 bankomat va 46 infokiosk o‘rnatildi. 

Plastik kartochkalar orqali amalga oshirilayotgan naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmi ham kengaymoqda. O‘rnatilgan barcha infokiosk va bankomatlar UZ PAYNET to‘lov tizimiga ulangan bo‘lib, mijozlar plastik kartochka orqali barcha kommunal xizmatlar, uyali aloqa uchun to‘lovlarni amalga oshirish, qaysi bank emitenti bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z hisobraqamidagi pul mablag‘lari bo‘yicha ma’lumotlarni olish va pul mablag‘larini kartochkalarga yuklab olish imkoniyatiga ega. Master Card va Maestro xalqaro plastik kartalari egalariga “Asaka” banki bankomatlaridan naqd pul mablag‘larini o‘z istaklariga ko‘ra milliy valyutada yoki AQSh dollarida olish imkoniyati yaratildi. Xalqaro plastik kartochkalar (Master Card) orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarning avtomatlashtirilgan tizimini kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda. 

Sog‘lom bola yilida “Asaka” banki yuqori sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish, iqtisodiyotning real sektori korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, mahalliy xomashyodan import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan xususiy tadbirkorlik subyektlari, jumladan, oilaviy biznesni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishda faollik ko‘rsatmoqda.