Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank omonat daftarchalari o‘rnida bank depozit kartasi joriy etiladi
16:22 / 2020-01-21

Unga yig‘ilganlar bank faoliyatida omonatlar va omonatchilar bilan ishlash yo‘nalishida erishilayotgan natijalar, joriy qilinayotgan yangi xizmatlar va istiqboldagi rejalar bilan tanishtirildi.


O‘tgan yilda “Qishloq qurilish bank”ning uzoq muddatli omonatlar hajmi yil boshiga nisbatan 270 foizga ortdi. Bu haqida bankning “Bank omonatlari – qo‘shimcha daromad manbai” mavzusidagi matbuot anjumanida alohida qayd etildi. Unga yig‘ilganlar bank faoliyatida omonatlar va omonatchilar bilan ishlash yo‘nalishida erishilayotgan natijalar, joriy qilinayotgan yangi xizmatlar va istiqboldagi rejalar bilan tanishtirildi.

– Bankimiz aholining bo‘sh turgan mablag‘laridan yanada samarali foydalanishini qo‘llab-quvvatlash uchun omonatlarga doir xizmatlarni muntazam takomillashtirmoqda, – deydi “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi rais o‘rinbosari Farhod G‘ofurov. – Aholining bo‘sh pul mablag‘larini bankdagi omonatlarga jalb qilish borasidagi harakatlar samarasida 2019 yil yakunida omonatchilar soni 110 ming 844 taga yetdi. Bu yil boshiga nisbatan 12 ming nafarga ko‘p demakdir. Omonatlardagi mablag‘larning qoldig‘i yil boshidagi 545,0 milliard so‘mdan yil yakunida 645,0 milliard so‘mga yetdi.

Matbuot anjumanida mijozlarga yaratilayotgan qulayliklar va tatbiq qilinayotgan zamonaviy xizmatlar haqida ham ma’lumot berildi. 
“Qishloq qurilish bank” jismoniy shaxslarning vaqtini tejash va omonatchilar bilan masofaviy munosabatlarni rivojlantirish maqsadida “Depozit banking”mobil dasturini amaliyotga tatbiq etgan. Mazkur dastur bank omonatchilari – jismoniy shaxslarning o‘z depozit hisobraqamlaridagi mablag‘lari doirasida naqdsiz amaliyotlarni mijozlarning bank muassasalariga kelmasdan shaxsiy mobil telefonlari orqali bajarish va o‘z omonatlari bo‘yicha ma’lumot olish imkonini beradi. E’tiborlisi, mazkur operatsiyalarni amalga oshirishda “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida ishonchli xavfsizlik bilan kafolatlanadi.

Shu bilan birga, bankda fuqarolarning omonatlarini himoyalashni yanada kuchaytirish, omonatlar bilan bog‘liq operatsiyalarni mijozlarning ishtirokisiz amalga oshirilmasligini qat’iy nazoratga olish maqsadida, shaxsning barmoq izlari namunasidan foydalanish “Biometrik identifikatsiyalash” tizimi ham amalga kiritilgan.
“Biometrik identifikatsiyalash” bugungi kunda eng ishonchli usullardan biri hisoblanib, qator afzalliklarga ega. Xususan, omonat hisob varaqlaridagi mablag‘lar bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni omonat egasi bo‘lgan mijozning bevosita ishtirokisiz amalga oshirish imkoni bo‘lmaydi, omonat mablag‘lariga nisbatan bank xodimlarining daxlsizligi ta’minlanadi.

Tadbirda 2020 yil davomida ko‘zda tutilayotgan rejalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, joriy yilda omonat daftarchalari o‘rnida bank depozit kartasini joriy qilish loyihasi ishlab chiqildi. Bu esa omonatga mablag‘ qabul qilish bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish vaqtini ikki baravarga qisqartirishda qo‘l keladi. Shuningdek, “Yangi maqsad”, “Maqsad sari” va “Ipotekaga boshlang‘ich badal” omonat turlari joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etish kerakki, hozirda bank 42 filiali, 33 minibank, 11 ta bank xizmatlari ko‘rsatish markazi, 201 ta shoxobchasi orqali 946 mingdan ziyod mijozga xizmat ko‘rsatmoqda.