Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2022 yilgi faoliyati tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan joriy yil davomida 88 ta yig‘ilish o‘tkazilgan. Ularda ruxsat berish tartiboti bilan bog‘liq 218 ta va kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 82 ta masala o‘rganib chiqildi.
Ruxsat berish tartiboti yo‘nalishida o‘tkazilgan muhokamalarda banklar tomonidan kelishish uchun taqdim qilingan hujjatlar, jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit tashkilotlarini litsenziyalash, davlat reyestridan chiqarish va dastlabki ruxsat berish hamda to‘lov tashkilotlarini reyestrga kiritish, shuningdek, vakolatxonani akkreditatsiya qilish va repo operatsiyasiga ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.
Moliyaviy holatni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlarda kredit tashkilotlarida prudensial me’yorlar talablarining bajarilishi yuzasidan masofaviy va joyida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari, xususan, banklar faoliyatida mavjud xatarlar bo‘yicha o‘tkazilgan tematik o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
Qolaversa, prudensial normativlarga rioya etilmagani, moliyaviy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar yaratilmagani, moliyaviy holati to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lganligi, hisobot ma’lumotlarini buzib ko‘rsatish orqali Markaziy bankka haqqoniy bo‘lmagan ma’lumotlar taqdim qilib kelingani sababli, “Turkistonbank” va “HI-TECH BANK” banklardan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olindi.
Shuningdek, qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘z faoliyatini boshlamagani uchun 3 ta (“International Eco Pay”, “Panda internet technology”, “Ugnis”) to‘lov tashkilotlaridan litsenziyalar chaqirib olindi.
Qo‘mita bundan keyin ham bank tizimi barqarorligini saqlab turish, omonatchilar va kreditorlar manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bilan birga, xalqaro standartlarga muvofiq bank tizimini tartibga solish va nazorat qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish kabi masalalarga e’tibor qaratadi.
Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida tashkil qilingan va doimiy ravishda faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi.
O‘zA