Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank-moliya sohasida kiberjinoyatlar ortmoqda
13:54 / 2024-03-12

Bugun axborot texnologiyalari rivojlangani sari undan nopok maqsadlarda foydalanib, kiberjinoyatlarni sodir etish holatlari ham ortib bormoqda. Bu kabi huquqbuzarliklarning oldini olish, kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan ishonchli himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mobil bank tizimlari fuqarolar va tashkilotlar hayotining turli sohalariga kirib, moliyaviy va boshqa xizmatlarni taqdim etishning yanada ilg‘or shakllari va usullariga aylantirildi. Lekin shunga qaramay, raqamlashtirishning global kengayishi fonida kiberjinoyatlar dinamikasida sezilarli o‘sish kuzatilib, ayniqsa, kredit, moliyaviy va bank sektorlarida potensial xavf kuchaymoqda.  

Parlament quyi palatasining majlisida muhokama qilingan “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi kibermakonida kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.  

Loyihaning maqsadi qonun hujjatlarini “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirish hamda to‘lov tizimi operatorlari, kredit, to‘lov tashkilotlari, valyuta birjalari va kredit byurolarining axborot va kiberxavfsizligini ta’minlashdan iborat.  

Muhokamalarda qayd etilganidek, qonun loyihasidagi normalar kiberxavfsizlik sohasidagi me’yoriy-huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Shuningdek, sohani huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va me’yoriy-uslubiy ta’minot tizimini takomillashtirishga, shu jumladan to‘lov tizimi operatorlari, kredit va to‘lov tashkilotlari, valyuta birjalari va kredit byurolarining axborot tizimlari hamda resurslarining yaxlitligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

Majlisda qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA