Qaror va ijro
Bank-moliya akademiyasida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjuman shunday nomlandi.
Akademiyaning 25 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan anjumanda mahalliy va xorijlik mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“O‘zmilliybank” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azizbek Xo‘jayev, Bank-moliya akademiyasi rektori Timur Yadgarov, ushbu akademiya professori, amerikalik Jon King, Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti boshqaruvi raisi, doktor Verner Regen va boshqalar mamlakatimizda o‘z nufuziga ega bo‘lgan mazkur ilm dargohi bank-moliya sohasida ta’lim berishning ilmiy va amaliy usullarini mujassam etgani bilan katta ahamiyat kasb etishi va bugungi kunda o‘qitish jarayoni innovatsion ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Bank-moliya akademiyasi 25 yildan buyon banklar va moliya institutlari uchun menejerlar va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab kelayotgan bazaviy oliy o‘quv yurtidir. Akademiya shu davrga qadar mamlakat iqtisodiyoti uchun 4 mingdan ortiq kadrlarni tayyorlab berdi. Quvonarlisi, bugungi kunda ular orasida yirik davlat va xususiy banklar, hukumat idoralari, vazirliklar va idoralarning rahbarlari bor.
Respublikamiz barcha sohalarida bo‘lgani kabi bank sektorini isloh qilish bo‘yicha ham chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Unda ilg‘or xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda bank sohasidagi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish asosida tijorat banklari xodimlarining bilimi va malakasini oshirishni taqozo etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 31 oktyabrdagi “Bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu akademiya faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
– Mening faoliyatim ham ushbu Bank-moliya akademiyasi bilan bog‘liq, –dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputati, iqtisodiyot fanlari doktori Nodir Jumayev. – Negaki, men shu yerda ta’lim olganman. Nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarimni shu dargohda yoqlaganman. Uzoq muddat dars berdim va rahbarlik lavozimlarida ishladim. Albatta, akademiya respublikamiz bank-moliya tizimiga juda ko‘plab rahbar va yetakchi kadrlarni yetishtirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Hukumat tomonidan akademiyani yangi bosqichga ko‘tarishga doir qarorlar qabul qilindi va bu shu sohadagi muammolarni oldini olishga qaratilgani bilan e’tiborli. Bank-moliya tizimi tan olish kerakki, so‘nggi yillarda juda katta ishlar qilinishiga qaramasdan, muammolar mavjud. Shu sababli, bu sohada innovatsiya, raqamlashtirishni tezlashtirish juda dolzarb sanaladi. bugungi anjuman shu masalalar tahliliga bag‘ishlangani bilan ishtirokchilar uchun muhimdir.
Shu talablar asosida ilm dargohi jamoasi o‘qitishni innovatsion ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshirayotgani va 50 foiz xorijlik mutaxassislarning jalb qilinishi kadrlar salohiyati va jahon standartlari darajasida bilim olishida qo‘l kelmoqda. Yana e’tiborlisi, birgina joriy yilning o‘zida akademiya Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi, Olmaota menejment universiteti, Qozon federal universiteti va Germaniyadagi Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ya olgani ham katta yutuqdir.
– Mazkur akademiyada xorijlik olim sifatida dars berayotganimdan juda mamnunman, – dedi amerikalik Jon King. – Bank-moliya akademiyasining xalqaro imiji oshib bormoqda. Kelajakda akademiyamiz bank-moliya sohasida yetuk kadrlarni yetkazib berish va malakasini oshirishda eng zamonaviy ilm dargohiga aylanishiga ishonaman.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA