Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida qator sohalarni rivojlantirish, turli loyihalar orqali xalq manfaatiga xizmat qiladigan ishlar ko‘lami ortib bormoqda.
Davlatimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berayotgan mazkur strategiyada, jumladan, iqtisodiyot, bank-moliya sohasini taraqqiy ettirish, mamlakatning investitsion salohiyatini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida «Moliya tizimini raqamli texnologiyalar yordamida transformatsiya qilish: muammolar va yechimlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati a’zolari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutasaddilari, shuningdek, Malayziya, Bahrayn, Qirg‘iziston, Angliya, Rossiya kabi davlatlarning yetakchi olim, ekspert va mutaxassislari ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning asosiy maqsadi ilmiy jamoatchilikka bank-moliya tizimidagi zamonaviy yutuqlarni taqdim etish hamda fan, texnika va texnologiyaning ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha tadqiqotlarning hozirgi tendensiya va natijalarini muhokama qilishdir.
Bugungi kunda jadal sur’atlarda ro‘y berayotgan raqamli ekotizim moliyaviy tizimning ham keng ko‘lamli transformatsiya bo‘lishiga olib kelmoqda. Raqamli texnologiya insonlar tomonidan deyarli barcha moliyaviy xizmatlarni vaqt va zamon chegaralarisiz amalga oshirishga, shuningdek, biznes tuzilmalarga ham ko‘lam jihatdan yirik maqsadga erishish imkonini beryapti.
Anjumanda transformatsiya jarayoni o‘zi bilan bir qator muammolarni ham yaratishi ta’kidlandi. Shunday muammolar sifatida kiberxavfsizlik bo‘yicha tahdidlar, aholining internet bilan qamrab olinmagan qismini moliyaviy xizmatlar jihatidan ham qamrab olmaslik tavakkalligi, shuningdek, raqamli texnologiyalarni regulyatsiya qilishdagi chalkashlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Qayd etish kerakki, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonda xalqaro amaliyotni o‘rganish, xorijiy ilmiy jamoatchilik bilan tajribalar almashish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilg‘or yutuqlarni amaliyotga tavsiya etish ustuvor vazifa hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini ta’minlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim o‘rin egallaydi.
Konferensiya chog‘ida mamlakatimizda raqamlashtirish sharoitida davlat moliyaviy nazorati tizimidagi islohotlar natijasi, tizimni yanada takomillashtirish masalasi, moliyaviy tizimni raqamlashtirishning asosiy yechimlari, Raqamli iqtisodiyotda sug‘urta va pensiya sohasidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman, shuningdek, turli mavzudagi seksiyalar shaklida davom etdi. Jumladan, bank sektorini raqamli transformatsiya qilish va xususiylashtirish masalalari, moliya tizimini raqamlashtirishning asosiy tendensiyalari va ustuvor yo‘nalishlari, raqamli dunyoda moliya bozori jozibadorligi va samarali korporativ boshqaruv, soliq tizimini raqamli texnologiyalar yordamida transformatsiya qilish bo‘yicha muhokamalar tashkil etildi.
Yig‘ilish yakunida dolzarb mavzuda o‘z maqola va tezislari bilan ishtirok etgan xorijiy hamkorlar, professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi mutaxassislar va ilmiy tadqiqotchilar sertifikat bilan taqdirlandi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA