Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank-moliya akademiyasi Germaniyada o‘z vakolatxonasini ochadi
17:09 / 2021-06-24

Bank-moliya akademiyasida ta’lim jarayoni innovatsion ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Bu esa talabalarga bank-moliya sohasida jahon standartlari darajasida bilim olishiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Akademiya faoliyatida xalqaro aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilda akademiya Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi, Olmaota menejment universiteti va Qozon federal universiteti bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.  

Germaniyadagi Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti akademiyaning navbatdagi hamkori hisoblanadi.

Bugun Bank-moliya akademiyasi va Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti  o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Bank-moliya akademiyasi rektori Timur Yadgarov, onlayn so‘zga chiqqan Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti boshqaruv raisi, doktor Verner Regen va ushbu institut boshqaruv a’zosi Hermann Marsh ilm dargohlari faoliyati haqida ma’lumot berib, hamkorlik aloqalari o‘rnatish fan va ta’lim uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, Bank-moliya akademiyasi 25 yildan buyon banklar va moliya institutlari uchun menejerlar va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab kelayotgan bazaviy oliy o‘quv yurtidir. O‘z faoliyati davomida mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun tayyorlab bergan 4 mingdan ortiq kadrlari orasida yirik davlat va xususiy banklar, vazirliklar va hukumat idoralarining rahbarlari borligi ushbu akademiya nufuzidan dalolat beradi.

[gallery-2909]

– “O‘zmilliybank” AJ ko‘magida Bank-moliya akademiyasi texnologiya, ilm-fan va tadbirkorlikni birlashtiruvchi, mamlakat va butun Markaziy Osiyo mintaqasining eng yaxshi tajribasini o‘rganishga jalb qiluvchi xalqaro ta’lim markazini yaratishni nazarda tutadigan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini amalga oshirmoqda, – dedi T.Yadragov. – bugungi kunda o‘quv butunlay qayta ishlab chiqilgan innovatsion ta’lim dasturi bo‘yicha olib borilmoqda. Mazkur dasturdagi 50 foizdan ortiq fanlar AQSH, Shveysariya va Rossiyadan kelgan chet ellik o‘qituvchi-amaliyotchilar tomonidan o‘qitiladi. Akademiya talabalari raqamli bank va moliyaviy texnologiyalarga yangicha yondashuvlarni o‘zlashtirmoqda. Pandemiya sharoitiga qaramay, o‘quv dargohida halqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda. Bugun tashkil etilgan tadbir ham ana shunday aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Bilamizki, Germaniya fan va ta’lim sohalarida yetakchi davlatlar sirasiga kiradi. Ana shunday yutuqlarni inobatga olgan holda, Bank-moliya akademiyasining yana bir ezgu ishi – Germaniya Federativ Respublikasida vakolatxonasi ochilishi bilan bog‘liq  sa’y-harakatlardir.

Ushbu hamkorlik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ilm-fan, ta’lim va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Bank-moliya akademiyasi va Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti mutaxassislarining sa’y-harakatlarini birlashtirishga imkon beradi. Akademiya talabalari va o‘qituvchilari Germaniyaga amaliyot va malaka oshirish uchun yuboriladi.

– Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti (LIFIS) 2002 yildan buyon faoliyat  yuritadi, – dedi ushbu institut boshqaruv raisi doktor Verner Regen. – Institutimiz ilm-fan sohasi,  Berlin Leybnits ilmiy jamiyati va ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida amaliy aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlashga asosiy e’tibor qaratadi. Shu bilan birga, ilm dargohi chet ellik hamkorlar bilan fanlararo muloqotni tashkil etadi. Bu jarayonni qo‘llab-quvvatlaydi va dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha ilmiy konsultatsiyalar o‘tkazadi. LIFIS Yevropa qayta tiklanadigan energiya assotsiatsiyasi (YeRYeC) va “Biocon Valley” xalqaro biotexnologiya kompaniyasi kabi nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Tadbir yakunida Bank-moliya akademiyasi va Leybnits nomidagi Fanlararo tadqiqotlar instituti  o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

 

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA