“Hamkasbim kreditga mashina olmoqchi ekanligini aytdi. Mendan kreditni to‘lashga kafil bo‘lishni iltimos qildi.
Hamkasbim kredit to‘lovini o‘zi to‘lashini, kafillik bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lmasligini va’da qildi. Unga yordam qilish maqsadida men ham rozi bo‘ldim. Boshida hech qanday muammo bo‘lmadi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay u xodim ishdan bo‘shab ketdi. Hammasi o‘shandan so‘ng boshlandi. Har oyda oylik maoshim tushadigan plastik kartamdan ma’lum miqdorda uning kredit qarzlari yechib olindi. Mana shunday vaziyatda kimga murojaat qilishni bilmay qoldim.”
Bu poytaxtlik Karim Jalolovning so‘zlari.
bugungi kunda ko‘plab fuqarolarimiz o‘zi bilmagan holda mana shunday vaziyatga tushib qolmoqda. Shu bois, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga murojaat qiluvchilar soni ortmoqda.
Bunday vaziyatda nima qilmoq kerak?
– Avvalo, bank kreditlari bo‘yicha kafil bo‘lgan shaxsga qanday mas’uliyat yuklanishi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bersak, – deydi Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori Akmal Nazarov. – Kafil bu – kafillik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oluvchi shaxs. Qarzdor kredit bo‘yicha majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradi. Qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan. Shu o‘rinda aytish joiz, amaliyotda ko‘pincha kredit tashkilotlari o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda kredit bo‘yicha uchinchi shaxslar kafilligi yuzasidan tuziladigan shartnomalarda kafilning kredit tashkiloti oldida solidar javobgarligini belgilab qo‘yishadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkin, solidar javobgarlik –kreditor majburiyatlarining ijro etilishini qarzdorlardan (qarz oluvchi va kafildan) birgalikda yoki ularning istalgan biridan bajarishni talab qilishga haqli bo‘lishidir. Solidar qarzdorlarning biridan to‘liq qanoatlanmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa solidar qarzdorlardan talab qilish huquqiga ega.
Bunda, kafil va qarzdor kredit tashkiloti oldida solidar javobgar bo‘lgan holatda kreditning asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini to‘lash bo‘yicha majburiyat qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, kredit tashkiloti qarz oluvchidan ham kafildan ham majburiyatni bajarishni talab qiladi.
Yana bir muhim ma’lumot, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi. Jumladan, kafil kredit tashkilotiga qarzdorning o‘z vaqtida to‘lanmagan kreditining asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini to‘lashdan tashqari, ushbu kreditni undirib olish bilan bog‘liq sud xarajatlarini va qarzdor o‘z majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditorga yetkazilgan boshqa zararlarni ham to‘laydi.
Shuning uchun, fuqarolarga kredit bo‘yicha kafil bo‘lishdan oldin o‘zining va qarzdorning moliyaviy holatini shoshilmasdan batafsil tahlil qilish kerak. Bundan tashqari, kafil bo‘lish bo‘yicha qarorning “ijobiy” va “salbiy” taraflarini o‘zaro solishtirib yakuniy xulosaga kelish tavsiya etiladi.
O‘z moliyaviy holati va imkoniyatlarini tahlil qilmasdan hamda qarz oluvchi tanishining kredit to‘lovlarini to‘liq o‘zi to‘lashi haqidagi og‘zaki va’dalariga ishongan holda kredit bo‘yicha kafil bo‘lgan fuqarolar kelgusida quyidagi xatar va muammolarga duch kelishi mumkin.
Xususan, kredit mablag‘idan haqiqatda foydalangan qarzdor kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaganda, qarzdorlikni kafil o‘z mablag‘lari (mol-mulki) hisobidan to‘lashga majbur bo‘ladi.
Bundan tashqari, kredit to‘lovi qarz oluvchi va kafil tomonidan belgilangan muddatda to‘lanmaganda, ushbu holat kelgusida kredit olish bo‘yicha kafilning kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni kredit to‘liq to‘lanmasa, unga boshqa kredit berilmaydi.
Shuningdek, taqdim etilgan kafillik, kelgusida kredit olish uchun banklar yoki boshqa kredit tashkilotlariga murojaat qilganda kafilning moliyaviy imkoniyatlarini pasaytiradi. Ya’ni unga ajratiladigan kredit summasini kamaytirilishi yoki umuman kredit ajratilmasligiga sabab bo‘ladi.
Eng yomoni, o‘zgalarga yaxshilik qilaman deb, o‘zi bilmagan holda turli protsessual jarayonlarda, sudma sud sarson bo‘lishi, turli javobgarlikka tortilishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng avvalo kredit bo‘yicha kafil bo‘lishdan oldin fuqaro o‘z moliyaviy holatini hamda kelajakda ko‘zlagan moliyaviy rejalariga kafil bo‘lish qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini batafsil tahlil qilishi kerak. Kredit bo‘yicha kafilikka rozi bo‘lganda, kredit va kafillik shartnomasi bandlari bilan to‘liq tanishib chiqishi zarur. Tushunmagan shartlarini bank xodimidan tushuntirib berishini so‘rashi hamda shartnomalardan bir nusxasini saqlab qo‘yishi kerak.
Bundan tashqari, kredit bo‘yicha kafilikka rozi bo‘lgan shaxs hech qachon bo‘sh bo‘lgan qog‘ozga imzo chekmasligi kerak. O‘zi imzolayotgan kafillik shartnomasi yoki kredit shartnomasining har bir varog‘iga imzo qo‘yishi lozim.
Bir so‘z bilan aytganda kafil shaxs kredit mablag‘i ajratgan kredit tashkiloti oldida qarz oluvchi bilan barobar javobgar. Shunday ekan, yurtdoshlarimiz bu jarayonga e’tiborli bo‘lishi, kafil bo‘lishdan oldin o‘z majburiyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lgandan keyin, kredit shartnomasiga imzo chekishi zarur.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA