Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank kredit ajratishni asossiz rad etsa qayerga murojaat qilish mumkin?
20:28 / 2021-05-25

Yurtdoshlarimizda yangi tartibdagi arzon uy-joylar uchun ipoteka krediti olish bo‘yicha ko‘plab savollar paydo bo‘lmoqda. Ushbu holat bilan bog‘liq savollarga Markaziy bank departament direktori Kamron O‘TBOSAROV javob berdi.

– Qaysi tijorat banklarida ipoteka kreditlari beriladi va qaysi banklarda kreditlar davlat dasturlari asosida ajratiladi?

- Tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilayotgan ipoteka kreditlari asosan quyidagi 3 yo‘nalishga bo‘linadi. Birinchisi, tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlari. Mazkur ipoteka kreditlari bugungi kunda tijorat banklari tomonidan o‘zlarining ichki kredit siyosatiga asosan birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozoridan kvartiralarni sotib olish uchun bozor foiz stavkalarida ajratib kelinmoqda. Bu yo‘nalishdagi batafsil ma’lumotlarni tijorat banklari hamda ularning rasmiy veb-saytlaridan olish mumkin.

Ikkinchisi, Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning joriy etilgan yangi tartibi doirasida ipoteka kreditlari ajratilmoqda.

Uchinchi yo‘nalish, “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlari.

bugungi kunda ushbu jamiyat mablag‘lari hisobidan 8 ta tijorat banki (Ipoteka-bank, Asaka bank, O‘zsanoatqurilishbank, Qishloqqurilishbank, Turonbank, Agrobank va Xalq banki) tomonidan birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozoridan kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratilmoqda.

Shuningdek, mazkur kreditlarni olishda fuqaro quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos bo‘lishi lozim. Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi, oilaviy oylik o‘rtacha daromadi 10 million so‘mdan oshmasligi hamda kamida 6 oy davomida doimiy daromadga egaligi, kredit bo‘yicha oylik to‘lovning oilaviy daromadga nisbati 50 foizdan oshmasligi, avval olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud emasligi va oxirgi 12 oy ichida 30 kundan ortiq muddatga to‘lanmagan qarzdorlikka yo‘l qo‘yilmaganligi, qarz oluvchida va uning turmush o‘rtog‘ida ipoteka krediti qarzdorligi mavjud emasligi.

– Yangi tartibdagi uy-joylar uchun ajratilgan ipoteka kreditlaridan olmoqchiman. Buning uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

- Yangi tartib doirasida ipoteka kreditlari birlamchi uy-joy bozorida kvartiralarni sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun bozor foizlari asosida uy-joy hisoblangan qiymatining 85 foizidan oshmagan miqdorda, 20 yil muddatga, mijozning xohishiga ko‘ra 6 oylik imtiyozli davr bilan va dastlabki badali sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda beriladi.

Shu o‘rinda uy-joyning hisoblangan qiymati, uy-joy narxi va hududlarda ajratilishi mumkin bo‘lgan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori xususida ham to‘xtalib o‘tsam. Uy-joyning hisoblangan qiymati va uy-joy narxi bir-biridan farqli tushunchalar bo‘lib, uy-joyning hisoblangan qiymati har yili O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda kvartira bir kvadrat metrining o‘rtacha bozor qiymati va kvartiralar maydonining eng kam me’yorlarini inobatga olgan holda belgilanadi.

Masalan, fuqaro qishloq joylarda narxi 400 million so‘m miqdoridagi uy-joyni sotib olmoqchi. Qishloq joylarda uy-joyning hisoblangan qiymati 280 million so‘m, ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori esa 238 million so‘m etib belgilangan. Mazkur uy-joyni sotib olish uchun fuqaroga 238 million so‘m ipoteka krediti ajratiladi va qolgan 162 million so‘m miqdoridagi mablag‘larni o‘z hisobidan qoplaydi.

Shuningdek, viloyat shaharlarida uy-joyning hisoblangan qiymati 364 million so‘mdan oshmagan kvartiralar uchun ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 309,4 million so‘mgacha, Toshkent shahrida esa uy-joyning hisoblangan qiymati 399 million so‘mdan oshmagan kvartiralar uchun ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori 339,2 million so‘mgacha beriladi.

Yangi tartib doirasida ishtirok etuvchi 14 ta tijorat bankining ipoteka kreditlari bo‘yicha shartlari hamda aloqa uchun telefon raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni www.ipoteka-bozori.uz rasmiy veb-saytidan olish mumkin.

– Yangi tartib doirasida ipoteka krediti olishda fuqaro va birgalikda qarz oluvchi o‘rtacha oylik daromadini tasdiqlovchi hujjatlar sifatida qaysi hujjatlarni taqdim etishi zarur?

- Fuqaro va agar mavjud bo‘lsa, birgalikda qarz oluvchi o‘rtacha oylik daromadini tasdiqlovchi hujjatlar sifatida quyidagilardan foydalanishi mumkin. Buning uchun ish haqi, pensiya to‘lovlari miqdori, jamg‘arib boriladigan pensiya badallari to‘g‘risidagi ma’lumot, foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan doimiy tarzdagi daromadlarini tasdiqlovchi ma’lumotlar, davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan jismoniy shaxslarning daromadlari bo‘yicha deklaratsiya, yuridik shaxslar kafilligi (yuridik shaxsning yillik sof foydasining 50 foizi qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblashda qo‘shilishi mumkin), qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar talab etiladi.

– Yangi tartib doirasida ipoteka krediti olish uchun tijorat banklariga murojaat qilganimda ular sizning daromadingiz yetmaydi, deb kredit ajratishni rad etdi. Lekin mening uy-xo‘jaligida boshqa daromad manbalarim bor va ipoteka kreditlarini qoplashga ko‘zim yetadi. Bu holatda qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?

- 8 ta tijorat banki tomonidan ajratilayotgan ipoteka kreditlarini olishda fuqarolarning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan yuqori bo‘lmasligi lozim.

Fuqarolarning daromadlari yetmagan taqdirda bir uyda istiqomat qiluvchi sifatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yaqin qarindoshlarining daromadlarini taqdim etishi mumkin. Shuningdek, yangi tartib doirasida ipoteka krediti olishda fuqarolarning qarz yuki ko‘rsatkichi 70 foizdan oshmasligi lozim.

Ipoteka krediti olishda fuqarolarning daromadlari yetmagan taqdirda o‘zi bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari, shuningdek, Davlat soliq xizmati organi tomonidan uy-xo‘jaligidan olingan daromadlarni aks ettiruvchi deklaratsiya va qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa daromadlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar taqdim etishi mumkin.

– Bilamizki, daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka krediti olishi uchun subsidiya beriladi. Agar fuqaro avval kredit olgan bo‘lsa, boshlang‘ich badal yoki foiz uchun subsidiya olishi mumkinmi?

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida ilgari arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiyalar olgan oila a’zolari (eri, xotini)ning takroriy murojaat etganda subsidiya to‘lanishi rad etiladi.

Shuningdek, fuqaro potensial qarz oluvchilarga o‘rnatilgan muvofiqlik mezonlariga javob bera olsa, qarz yuki ko‘rsatkichi 70 foizdan yuqori bo‘lmasa, shuningdek, kredit tashkilotlaridan avval olgan kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklari aniqlanmasa, yangi tartib doirasida subsidiya mablag‘larisiz ipoteka krediti olishi mumkin.

Yuqorida qayd etilganlardan boshqa asossiz holatlarda ipoteka krediti ajratilishi rad etilganda yoki kechiktirilganda fuqarolar Markaziy bankning 71-200-00-44 yoki 71-212-62-05 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.

Shahnoza MAMATUROPOVA,  O‘zA