English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank korrupsiyadan xoli sohaga aylanadimi?
16:59 / 2023-11-30

“O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati boshqarmasida bo‘lib o‘tgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida ana shu savol va korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq qator masalalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Aksilkorrupsiya oyligi doirasida tashkil etilgan tadbirda “O‘zmilliybank” AJ viloyat boshqarmasi Amaliyot bank xizmatlari markazi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘limi xodimlari, bank mijozlari, tadbirkorlar, shuningdek, videokonferens aloqa tarzida Asaka, Marhamat bank xizmatlari markazlari hamda Izboskan, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Shahrixon bank xizmatlari ofislari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan “O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Qobulov bank faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tizimlarini joriy etish hamda bank tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.

Shuningdek, tadbirda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘limi, viloyat prokuraturasining mas’ul xodimlari tomonidan jamiyatimizda korrupsiya illatiga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali va tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi. Xususan, iqtisodiyot sohasida korrupsiya holatlarining yuzaga kelish sabab va omillari, ularning ayanchli oqibatlari hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi. 

– “O‘zmilliybank” AJ tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Bugungi kunda yo‘l xaritasida belgilangan chora-tadbirlar, shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi amaldagi boshqa hujjatlarda belgilangan ishlar o‘z vaqtida bajarib kelinmoqda, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyat bosh boshqarmasi xavfsizlik rejimi va axborot himoyalash bo‘limining kompleans nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi Zafarjon To‘ychiyev. – Bunda, avvalo, xodimlarda korrupsiyaga, uning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga sharoit yaratadigan omillarni bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. 

Xodimlar, shu jumladan, yangi ishga qabul qilinayotganlar korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha avtomatlashtirilgan SAP (Success Factors Learning Management System) tizim orqali o‘qitilib, ularning korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsion holatlarni keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish borasidagi bilim va tushunchalari boyitilmoqda. Bundan tashqari, har hafta o‘tkaziladigan ma’rifat soatlarida xodimlarga korrupsiyanig zararlari haqida zarur tushunchalar berilmoqda. 

[gallery-14833]

Bankning ish jarayonlarida qator bank operatsiyalarini inson omili aralashmagan holda elektron tizim orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mijozlar uchun ishonch telefonlari tashkil etilgan. Mijozlar ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, xodimlarning muomala-munosabati yuzasidan murojaat qilish tizimi shakllangan. 

Tadbir ishtirokchilari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javoblar olindi.

F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari