“O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati boshqarmasida “Bank korrupsiyadan xoli sohaga aylanadi” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsion holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda “O‘zmilliybank” AJ Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Qobulov so‘z olib, bank faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion xatarlarning oldini olish hamda bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tizimlarini joriy etish, bank tizimida amalga oshirilayotgan “Korrupsiyasiz soha” loyihasining samaralari haqida gapirdi.
Shuningdek, tadbirda tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali va tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr, mulohazalar bildirildi. Xususan, bank sohasida korrupsiya holatlarining yuzaga kelish sabab va omillari, ularning ayanchli oqibatlari misollar asosida tushuntirildi.
– “O‘zmilliybank” AJ tizimida 2022-2024 yillarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida, umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – deydi “O‘zmilliybank”AJ Andijon viloyat boshqarmasi xavfsizlik rejimi va axborot himoyalash bo‘limining kompleans nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi Zafarjon To‘ychiyev. – Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid amaldagi hujjatlarda belgilangan talab va me’yorlarni joriy etish bo‘yicha ham samarali ishlar olib borilmoqda.
Avvalo, xodimlarda korrupsiyaga, uning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga sharoit yaratadigan omillarni bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.
Xodimlar, shu jumladan, yangi ishga qabul qilinayotganlar korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha avtomatlashtirilgan SAP (Success Factors Learning Management System) tizim orqali o‘qitilib, ularning korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsion holatlarni keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish borasidagi bilim va tushunchalari boyitilmoqda. Bundan tashqari, har hafta o‘tkaziladigan ma’rifat soatlarida xodimlarga korrupsiyaning zararlari, ayanchli oqibatlari haqida zarur tushunchalar berib borilmoqda.
Ish jarayonlarida qator bank operatsiyalarini inson omili aralashmagan holda elektron tizim orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mijozlar uchun ishonch telefonlari tashkil etilgan. Ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, xodimlarning muomala-munosabati yuzasidan murojaat qilish tizimi shakllangan.
Ta’kidlash kerakki, “O‘zmilliybank” tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan samarali ishlar natijasida bank bir necha oy avval ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritgan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari