Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank ko‘magida o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘ydim
19:16 / 2021-12-27

Andijon shahrida ijtimoiy va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish va daromad manbalarini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 2 yanvardagi «Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida aksiyadorlik tijorat Xalq banki viloyat boshqarmasi hamda Andijon shahar hokimligi hamkorligida olib borilgan ishlar ijobiy samaralar bermoqda.

Bankning shahar bo‘limi tomonidan joriy yilda Andijon shahrida yashovchi, «Ayollar daftari» ga kiritilgan 1 ming 68 nafar ayolga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashish uchun 31 milliard 280 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit berildi. Andijon shahar hokimligi hamda Aksiyadorlik tijorat Xalq banki Andijon shahar bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ana shu yo‘nalishdagi ishlar sarhisob qilindi.

AT Xalq banki viloyat boshqarmasi mutaxassislari, Andijon shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, bank krediti hisobiga o‘z tadbirkorligini boshlagan va boshlash istagidagi xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi.

– Maqsadimiz shahar hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallalardagi qiyin sharoitda yashayotgan, ish bilan band bo‘lmagan ayollarning muammo va imkoniyatlarini o‘rganish orqali ularga ko‘maklashishdir, – deydi AT Xalq banki Andijon shahar bo‘limi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dildoraxon Zulunova. – O‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘layotgan ishsiz ayollar bu borada muayyan bilimga egami, bank kreditidan foydalana oladimi, mahsulot tayyorlash, sotish, kreditni qaytarish imkoniyatlari qay darajada? Ana shu yo‘nalishlarda opa-singillarimizga zarur bilim, tushuncha, tavsiya va maslahatlar berish bizning vazifamizdir.

Tadbirda yil davomida bank mutaxassislari, Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo sanoat palatasi, «Tadbirkor ayol» ishbilarmon ayollar hamda «Hunarmand» uyushmalari viloyat bo‘limlari bilan hamkorlikda mahallalarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, hududlarni o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda biznes-loyihalar ishlab chiqishga o‘rgatish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha zarur tavsiya hamda amaliy yordam ko‘rsatilganligi, ko‘plab xotin-qizlar bank tomonidan taqdim etilgan imtiyozli kredit hisobiga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, samarali ish olib borayotganligi qayd etildi.

– Men hunarmandman, shu bois, bankdan 5 million so‘m imtiyozli kredit olib, milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydim, – deydi Andijon shahridagi Erkin mahallasida yashovchi Nargizaxon Soliyeva. – Ishni boshlab, bir qator bog‘cha va maktablarga mahsulotimni sotdim. Endi ishimni rivojlantirish, mijozlarni ko‘paytirish harakatidaman. Eng asosiysi, bank ko‘magida o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yib oldim, daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.

Tadbirda AT Xalq banki mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga biznes-loyihalar tayyorlash, kredit olish tartiblari, kreditdan maqsadli foydalanish hamda tadbirkorlikni samarali yuritish singari qator masalalar yuzasidan keng ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, ijobiy natijalarga erishish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Tadbir doirasida AT Xalq bankining moliyaviy ko‘magida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMURZOQOV (surat), O‘zA