English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank ko‘magida mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turi ko‘paydi
12:17 / 2021-02-14

Bugun rivojlanish sabab uyda, ishda, sayohatga chiqqanda, deyarli har kuni har qadamda turli xil texnika vositalaridan foydalanamiz. Kundalik hayotimizdagi “dastyorlarimiz” ning bari turli xildagi kabel va sim o‘tkazgichlar yordamida ishlaydi.

Kabel va simlar korxonalarning elektr uskunalari, magistral va telefon aloqalari, transport, televideniye va radio, havo va suv transportlariga elektr energiya va signallarni masofadan uzatish maqsadida ishlatiladi. Bu esa kabel va sim o‘tkazgichlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlari sifat darajasiga e’tiborli bo‘lishini talab etadi.

Toshkent viloyatidagi “Techno Cable Group” qo‘shma korxonasi ham mijozlarga sifatli mahsulot va servis xizmatlarini taklif etib kelmoqda.

“Techno Cable Group” – mis va alyuminiydan turli izolyatsiyali kabel va sim mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonadir. Mazkur korxonaning yuqori sifatli mahsulotlari elektr uskunalarning uzoq vaqt xizmat qilishini ta’minlaydi.

Korxona ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot turlarini ko‘paytirish maqsadida “O‘zmilliybank” dan 1 million 770 ming AQSH dollari miqdorida kredit oldi. Mazkur mablag‘ evaziga Xitoy davlatidan kabel va sim mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan maxsus uskunalar sotib olindi. Olingan mablag‘lar keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.

– Hali-hamon davom etib kelayotgan pandemiya sabab yurtimizda ham karantin joriy qilingan edi, – deydi korxonaning savdo-sotiq bo‘limi boshlig‘i Akmal Salomov. – Ammo korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga bo‘lgan talab kamaygani yo‘q. Shu bois korxonada faoliyat yuritib kelayotgan 170 dan ortiq xodim murakkab davr, salomatligi xavf ostida bo‘lsada ishlashni to‘xtatmadi. Shunga mos eksport ham davom etdi. Hozirgi kunda mahsulotlarimiz Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Gruziya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Bankdan olingan kredit mablag‘lari ishni yanada jadallashtirish va kengaytirishga xizmat qildi. Hozirda sexlar sonini oshirish, yangi binolarda ish boshlash choralari ko‘rilmoqda. Shunda yana 50 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi va talabgor yoshlar ishga jalb etiladi.

Barno Meliqulova, Yoqubjon Meliboyev(surat), O‘zA