Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bank ko‘magida korxona faoliyati yuksalmoqda
17:16 / 2023-03-29

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan OAV vakillari uchun tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Navoiy shahrida faoliyat olib borayotgan “Navpromlitmash” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga press tur tashkil etildi.

Keyingi yillarda yurtimizda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Navoiy shahridagi “Janubiy” sanoat zonasida faoliyat olib borayotgan “Navpromlitmash” MCHJ 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab qurilish-binokorlik materiallari ishlab chiqarilgan. Keyinchalik mashinasozlik yo‘nalishida mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Natijada chetdan olib kelingan alyuminiy va misdan yasalgan elektr uskunalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2022 yildan esa “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Navoiy mintaqaviy bank xizmatlari ofisi bilan hamkorlikda “Universal filtrlar” brendi ostida tayyor mahsulot ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi.  

Loyihaning umumiy qiymati 25 milliard so‘m bo‘lib, uning 10 milliard so‘mi bank tomonidan moliyalashtirilgan.  

– Hozirgi paytda korxonamizda avtomobil va sanoat uchun gaz, havo, moy va salon filtrlarining 100 dan ortiq xili ishlab chiqarilmoqda, – deydi MCHJ rahbari Ibrohim Fayziyev. – Mahsulotlarimizni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tizimidagi korxonalarga, “Navoiyazot” AJ, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJlarga yetkazib beryapmiz. Hozirda filtr ishlab chiqarish liniyamizda kuniga 3000 dona tayyor mahsulot tayyorlanmoqda. Har bir turdagi mahsulot xalqaro standartlarga muvofiqligini tekshiruvchi sinov laboratoriyasida sinovdan o‘tkazilgandan keyin mijozlarimizga yetkazib beriladi. Zamonaviy texnologiyalar “yashil” iqtisodiyot mezonlariga to‘la mos keladi. Shuningdek, elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida korxonamizga quyosh panellari o‘rnatilgan.  

bugungi kunda “Navpromlitmash” MCHJda yangi loyihaning ishga tushirilishi natijasida qo‘shimcha 50 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalliy yoshlar ishga qabul qilingan. Press tur yakunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Navoiy mintaqaviy bank xizmatlari ofisining viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutgan o‘rni, sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholiga zamonaviy xizmat ko‘rsatishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.  

– Bankimiz tomonidan mijozlarning loyihalari moliyalashtirilmoqda,– deydi bosh hisobchi o‘rinbosari Jamshid Toshpo‘latov. – 2022 yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi 35 ta loyihaga jami 67,4 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi. Buning samarasida 600 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.  

Albatta, mintaqaviy bank xizmatlari ofisi tomonidan mijozlarga yaratilayotgan qulayliklar samarasi o‘laroq, uning asosiy ko‘rsatkichlarida sezilarli darajada o‘sish kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, kredit portfeli o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga ortib, 1,3 trillion so‘mni, depozit bazasi 34 foizga oshib, 336,2 milliard so‘mni tashkil qildi. Masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni esa mingtaga yetdi. 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 260 foizga ko‘p sof foyda olindi.  

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA