Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bitta jismoniy shaxsga faqat bitta bank kartasi beriladi, degan mazmunda tarqalayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bank kartalari orqali amalga oshirilayotgan shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, shuningdek, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraq va bank kartalaridan foydalanish holatlarini kamaytirish maqsadida ayrim me’yorlarni joriy etish masalasi muhokama qilinmoqda.
Taklif etilayotgan me’yorlarga ko‘ra, bitta jismoniy shaxsga (bitta JSHSHIRga) bitta bankda — 5 tagacha, barcha banklarda jami 20 tagacha bank kartasi (virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda) rasmiylashtirish imkoniyati qoldiriladi.
Mazkur talablar chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga tatbiq etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslarning 97 foizida (22 million nafar) 5 tagacha bank kartasi, 3 foizida (770 ming nafar) — 5 tadan 20 tagacha, 0,03 foizida (7 ming nafar) esa 20 tadan ortiq bank kartasi mavjud.
Tahlillar natijasida jismoniy shaxslar nomiga ko‘p miqdorda rasmiylashtirilgan ayrim bank kartalaridan, aksariyat hollarda karta egasining xabari bo‘lmagan holda, firibgarlik maqsadlarida foydalanilgani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, muhokama qilinayotgan me’yorlar aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqarmaydi hamda tijorat banklarining bank kartalari emissiyasi sohasini tartibga solishga qaratilgan.
Shuningdek, mazkur talablar to‘liq shakllantirilgandan so‘ng jurnalistlar va keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA