Bangladeshda yuz bergan to‘qnashuvlarda 19 kishi halok bo‘ldi, 2 yarim mingdan ziyod odam jarohat oldi.
Mahalliy “Daily Star” nashri yozishicha, qurbonlar soni oshishi mumkin, chunki yaralanganlarning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda. Qurbonlar orasida jurnalistlar ham bor. Masalan, “Dhaka Times” yangiliklar internet-portali reportyori, 28 yoshli Mehdi Hasan voqeani yoritish jarayonida halok bo‘lgan.
AFP agentligi tartibsizlikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumganlar soni 32 kishiga yetganini keltirgan.
Bangladeshda davlat lavozimlariga imtiyozdi o‘rin berish tizimiga qarshi chiqish bir necha haftadan buyon davom etmoqda. Dushanba kuni Dakka universiteti talabalari shaharchasida hukumatparast faol talabalar hamda politsiyachilar bilan namoyishchilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvdan keyin norozilik harakati zo‘ravonlikka aylanib ketdi. Seshanba kuni ko‘cha to‘polonida olti kishi o‘ldirilgandan keyin, hukumat mamlakatdagi barcha universitetlarni yopishga qaror qildi. Politsiyachilar esa asosiy muxolifat partiya qarorgohiga bostirib kirdi.
Namoyishchilar davlat lavozimlarining 30 foizini 1971 yil Bangladesh mustaqilligi uchun kurashgan urush faxriylari oila a’zolari uchun zaxiraga olishni ko‘zda tutuvchi tartibga barham berishni talab qilmoqda. Ta’kidlanishicha, mazkur boshqalarni kamsitish tizimi faqat Bosh vazir Shayx Hasina tarafdorlariga foyda keltiradi.
Bangladesh hukumati 2018 yil talabalar noroziligidan keyin kvota tizimini to‘xtatgan, biroq o‘tgan oy 1971 yilgi urush faxriylarining qarindoshlari norozilik bildirgach, Oliy sud o‘sha tartibni tikladi. Natijada namoyish to‘lqini yana kuchayib ketdi.