Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bangladeshda O‘zbekiston turizm salohiyati taqdim qilindi
14:22 / 2019-03-15

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi va Bangladesh Sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi hamkorligida Bangladesh poytaxti Dakka shahrida mamlakatimiz turizm va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.


O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi va Bangladesh Sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi hamkorligida Bangladesh poytaxti Dakka shahrida mamlakatimiz turizm va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Tadbirlarda yirik sayyohlik agentliklari, jamoat tashkilotlari, OAV vakillari qatnashdi.

Ishtirokchilarga yurtimizning iqtisodiy va turizm salohiyati, sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijlik sayyohlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Taqdimotlarda O‘zbekistonning ziyorat turizm borasidagi salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yurtimizdagi islom madaniyati markazlari, muqaddas qadamjolar haqida videolavhalar namoyish etildi.

Хинд-1.jpg

Tadbir ishtirokchilari qadimiy shaharlarimizda saqlanayotgan jahon ahamiyatiga molik tarixiy-madaniy meros namunalari bangladeshlik sayyohlar orasida mashhur ekani va keyingi yillarda O‘zbekistonga sayohat qilish istagida bo‘lganlar soni ortib borayotganini ta’kidladi.

– Bangladesh bilan O‘zbekiston o‘rtasida an’anaviy do‘stona munosabatlar rivojlanib kelgan, – dedi Bangladesh Sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi prezidenti Manzur Murshid. – Umumiy tariximiz va o‘zaro mushtarak madaniyatlarimiz bunda muhim o‘rin tutadi. Shu bois O‘zbekistonning bangladeshlik sayyohlar uchun jozibasi baland. 

Yurtimiz sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, viza tizimi erkinlashtirilgani va sayyohlarga ko‘plab qulayliklar taqdim etilayotgani sayyohlik kompaniyalari uchun ham yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga Dakka va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilmagani sayyohlar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

хинд-2.jpg

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonga sayohat qilmoqchi bo‘lgan bangladeshlik sayyoh uchinchi mamlakat, asosan, Hindiston, Tailand yoki Dubay aeroportlari orqali Toshkentga yetib keladi. O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida havo qatnovi yo‘lga qo‘yilishi nafaqat turizm, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojiga hissa qo‘shadi, xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qiladi.

– Sayyohlik kompaniyamiz asosan ziyorat turizmiga ixtisoslashgan, – dedi “Muna Travels and Tours Ltd” sayyohlik kompaniyasi rahbari Muhammad Hilol. – Ushbu tadbirda Islom madaniyati markazlaridan hisoblangan O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi imkoniyatlari haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik. O‘ylaymanki, bu yo‘nalishda o‘zaro foydali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu yilgi mavsumdan boshlab Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi shaharlarga sayyohlik guruhlarini tashkil qilishni rejalashtirganmiz.