English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bangladesh tarixida burilish: “Z” avlod siyosat maydoniga chiqdi
18:19 / 2026-02-09

Bangladesh joriy hafta ichida o‘tkaziladigan saylov bilan yangi siyosiy davrga qadam qo‘ymoqda, deb yozib chiqdi “Reuters” nashri. Ta’kidlanishicha, mamlakat tarixida ilk bor “Z avlodi”, ya’ni 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar siyosiy jarayonning markaziga chiqdi. Tahlilchilar bu ovoz berishni 2009 yildan beri o‘tkazilayotgan birinchi haqiqiy va raqobatli saylov sifatida baholamoqda.

O‘lkani 15 yil davomida boshqargan sobiq bosh vazir Shayx Hasina hokimiyatdan ketganidan so‘ng, uning Avami ligasi faoliyati taqiqlangan. 2024 yilgi ommaviy noroziliklar aynan yoshlar yetakchiligida bo‘lib, siyosiy kuchlar nisbatini butunlay o‘zgartirdi. Bu galgi saylovda muxolifatdagi Bangladesh Milliy partiyasi (BNP) asosiy “favorit” sifatida ko‘rilmoqda.

“BNP” bilan bir qatorda, “Jamoat-e-Islomiy” boshchiligidagi islomiy koalitsiya ham jiddiy raqobatga kirishgan. Qiziq tomoni shundaki, Hasinaga qarshi namoyishlarda faol bo‘lgan, ammo mustaqil saylov bazasini shakllantira olmagan “Gen Z” harakati aynan “Jamoat-e-Islomiy”bilan ittifoq tuzdi. Bu yoshlar ovozining qanchalik hal qiluvchi kuchga aylanganini ko‘rsatmoqda.

Saylov natijasi nafaqat ichki barqarorlik, balki Xitoy va Hindistonning Bangladeshdagi mavqeiga ham bevosita ta’sir qiladi. Hasina Dehliga yaqin deb qaralgan bo‘lsa, hozir Pekinning mavqei kuchayib bormoqda. Ayrim tahlillarga ko‘ra, “Jamoat-e-Islomiy” yetakchiligidagi hukumat Pokistonga yaqinlashishi mumkin.

175 million aholiga ega Bangladesh bugun inflyatsiya, korrupsiya va iqtisodiy turg‘unlik bosimida. Saylovchilar uchun eng muhim masala – halollik va iqtisodiy barqarorlik. 21 yoshli ilk bor ovoz bermoqchi bo‘layotgan Muhammad Raqib buni shunday ifodalaydi:

– Odamlar charchagan edi. Ovozimiz yo‘q edi. Endi kim hokimiyatga kelsa ham, erkin fikr va adolatli saylovni ta’minlashiga umid qilaman, -deydi u.

Ekspertlar fikricha, bu saylov Bangladeshda nafaqat hukumatni, balki butun siyosiy madaniyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan tarixiy sinov sifatida ko‘rilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA