30 avgust kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirgan xorijiy diplomatlar qatorida Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi etib tayinlangan Muhammad Monirul Islom ham bor.
– O‘z loyihamni namoyish qilish uchun imkoniyat bergan O‘zbekiston Prezidentiga tashakkur bildiraman, – dedi Muhammad Monirul Islom. – Shuningdek, tashqi ishlar vaziriga ham o‘z minnatdorligimni izhor etaman. Xalqingiz bizni iliq qarshi oldi.
Diplomat O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tobora mustahkamlanayotganini alohida qayd etdi. U, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida tarixiy va madaniy mushtaraklik mavjudligi, birga rivojlanayotganimiz va yangi hamkorliklar sari ildamlayotganimizni ta’kidladi. Tadbirkorlik, ta’lim, madaniyat sohalari shular jumlasidan.
– Erishgan yutuqlarimiz va muvaffaqiyatlarimiz hech kimga sir emas. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda, – deya ta’qidladi Muhammad Monirul Islom. – Do‘stligimizni, hamkorligimizni qadrlayman. Biz allaqachon hamkorlik yo‘lidagi xaritamizni tuzib bo‘ldik, buni amalda joriy qilish harakatidamiz.
Investitsiya va tadbirkorlik tarmoqlari – farmatsevtika, tekstil, qishloq xo‘jaligida ham savdo miqdori kengayayotgani e’tirof etildi. Elchi ushbu hamkorlik muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bildirib, so‘zi yakunida O‘zbekiston aholisini Mustaqillikning 32 yilligi bilan tabrikladi.
O‘zA muxbiri
Behruz XUDOYBERDIEV
yozib oldi.