English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bangkokda Milliy statistika idoralari rahbarlari uchrashdi
16:19 / 2024-12-20

Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) Statistika qo‘mitasining 9-sessiyasi va Osiyo-Tinch okeani Statistika instituti Boshqaruv kengashining 20-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Bahodir Begalov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashdi.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, sessiya doirasida Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi Milliy statistika idoralari rahbarlari boshqaruv seminari, O‘zbekistonda ESKATO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Osiyo va Tinch okeani mintaqasi milliy statistika idoralarining 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini qo‘llab-quvvatlash maqsadida rasmiy statistika uchun innovatsion, yangi va katta ma’lumotlar manbalaridan foydalanish bo‘yicha institutsional salohiyatini kuchaytirish” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

ESKATO Statistika qo‘mitasi 9-sessiyasi doirasida O‘zbekistonda statistika sohasiga oid islohotlar bo‘yicha qisqa taqdimot qilindi, shuningdek, boshqa masalalar qatori byuroning yangilangan tarkibi saylandi. Mazkur 9-sessiyada O‘zbekiston ikkinchi muddatga saylandi.

Ma’lumki, 2022 yildagi ESKATO Statistika qo‘mitasi byurosining 8-sessiyasida Statistika agentligi direktori mintaqadan ilk bor byuro raisi o‘rinbosari lavozimiga saylangan.

Tashrif davomida ESKATO Statistika bo‘limi rahbari Reychel Biven bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekistonda ESKATO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha samaradorligi hamda kelgusi yillarda yangi loyihalarni O‘zbekistonda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Bangkok shahriga qilingan mazkur rasmiy tashrif doirasida Singapur, Tailand va Indoneziya Milliy statistika ofisi rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda ro‘yxatga olish, aholi, qishloq xo‘jaligi, biznes tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish, zamonaviy raqamli texnologiyalardan amaliyotda keng foydalanish yuzasidan mavjud amaliyot va tajribalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish va tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA