Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bandlikni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda
17:16 / 2024-02-21

AOKA da "2024-2025 yillarda pillachilik sohasida amalga oshiriladigan vazifalar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Muzaffar Muhammadjonov davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida pillachilik tarmog‘ida belgilab berilgan vazifalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Joriy yilning 12 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda 2024 yilgi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida pillachilik tarmog‘idagi aniq vazifalar belgilab berildi. Brifingda qayd etilganidek, endilikda sohaga bozor tamoyillarini kiritib, qayta ishlash korxonalari sonini oshirish hisobiga pillaga bo‘lgan talab va uning sotib olish narxini ko‘tarishga erishiladi. 

2024 yilda 5 ta urug‘ zavodi, jumladan, Buxoro, Namangan, Samarqand, Andijon, Sirdaryoda yillik quvvati 180 ming quti va 2 ta naslli urug‘ zavodlarini ishga tushirish hisobiga ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyoj 100 foiz qoplanadi. Buning uchun Xitoyning “Shandong Guantong” kompaniyasi, Janubiy G‘arbiy ipakchilik instituti, Vetnamning Pillachilik assotsiatsiyasi bilan mutaxassislar borasida kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, seryomg‘ir, tog‘ oldi 20 ta tumanda ko‘p mavsumli pilla yetishtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 2024 yili ushbu tumanlarda sinov va tajriba sifatida 60 gektar yer maydonlarida plantatsiya shaklida, 6 ming 600 ta xonadon tomorqalarida, jami 20 gektar “o‘rma” tutzorlar tashkil etiladi. Bu ish amalga oshgach, 2025 yilda yana 20 ta tumanda, jami 2 ming gektar maydonda “o‘rma” tutzorlar tashkil etilib, bir mavsumda qo‘shimcha 36 ming quti ipak qurti boqish, 2 ming 160 tonna pilla hosili olish va 90 ming nafar xotin-qiz bandligini ta’minlash mumkin bo‘ladi. 

Vetnam tajribasi asosida respublika hududlaridagi 12 ming 480 nafar tajribali, o‘z xonadonida ipak qurti boquvchilar, 416 ta qurtxonalar tanlab olindi. Bunda ipak qurti urug‘i uch yoshga to‘lguncha maxsus agrotexnika qoidalariga, jumladan, namlik 70-75 foiz, havo harorati 24-26 gradusga rioya etgan holda, 16,6 ming quti ipak qurti urug‘i parvarish qilinadi, so‘ngra pillakorlarga tarqatiladi. Natijada, pilla yetishtirish hosildorligini 25 foizga oshirish va 330 tonna qo‘shimcha pilla hosili yetishtirish imkoni bo‘ladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Vetnam va Xitoy tajribasi asosida pillani sanoat usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligi oshiriladi. Buning uchun ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tiladi. Jumladan, birinchi bosqichda, bu yil pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Aholiga pilla yetishtirish uchun subsidiya beriladi va pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Ikkinchi bosqichda esa, 2025 yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga tumanlarni biriktirish, fermer va kasanachilar o‘zi yetishtirgan pillani faqat klasterlarga sotishi amaliyotidan voz kechiladi. Ya’ni, pilla fermer va klaster o‘rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi. Shuningdek, ozuqa-yem bazasini ko‘paytirish uchun bu yil dalalar atrofida 150 million yangi navli hosildor tut ko‘chatlari ekiladi. 2024-2025 yillarda 2 million xotin-qiz bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi. 

Qolaversa, 2024-2025 yillarda umumiy qiymati 255 million dollarlik 142 ta loyiha amalga oshirilishi va qo‘shimcha 15,2 mingta ish o‘rini yaratilishi ta’minlanadi. Xususan, 181,4 million dollarlik 54 ta sanoat loyihasi ishga tushishi hisobiga 6,8 mingta ish o‘rni yaratiladi. 11 million dollarlik 7 ta urug‘chilik korxonalari tashkil etilishi hisobiga 1,1 ming nafar ish o‘rni, 56,8 million dollarlik 74 ta loyihada tutzorlarni tashkil etish hisobiga esa 7,3 ming nafar ish o‘rini yaratiladi. 

Ipakchilik instituti huzurida 2 ta naslli urug‘lik stansiyasi ishga tushiriladi. Institutga xitoylik mutaxassislar taklif qilinib, naslli ipak qurti zotlarini yaratish boshlanadi. Brend yaratish va Yevropaga tayyor mahsulotlarni yetkazib berish yuzasidan ham ishlar boshlandi. Bunda Quvaytning “Gulf Care General Trading” kompaniyasi bilan Farg‘onada tayyor turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va uning Yevropa davlatlari va Kanadadagi kompaniyalari orqali “O‘zbek ipagi” brendi ostida sotuvini yo‘lga qo‘yish ishlari olib boriladi. 

Gulnoza Boboyeva,O‘zA