Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida aholi bandligini ta’minlash masalasi ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar nafaqat ishsizlikni qisqartirish, balki fuqarolarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilayotir.
Xususan, tuman hokimligi tashabbusi bilan mahalliy ish beruvchilarni va ish qidirayotgan fuqarolarni birlashtirgan navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. U “Biryuza Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida o‘tkazilib, tumanda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning bo‘sh ish o‘rinlari keng jamoatchilikka taklif etildi.

Yarmarkada ishtirok etgan ish beruvchilar turli yo‘nalishlardagi vakansiyalar haqida batafsil ma’lumot berib, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilishdi. Ayniqsa, tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Biryuza Group” MCHJ tomonidan 200 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilgani mehnat bozoridagi talab va imkoniyatlarning uyg‘unlashuvini yaqqol ko‘rsatdi.

E’tiborli jihati shundaki, mehnat yarmarkasida o‘sha kuniyoq o‘ttizdan ortiq fuqaro doimiy ish joyiga ega bo‘ldi. Bu natija aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar hayotiy va samarali ekanini, qabul qilinayotgan qarorlar esa inson manfaatlariga xizmat qilayotganini tasdiqlaydi.

Ayni damda Do‘stlik tumanida bunday mehnat yarmarkalarini tizimli tashkil etish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish orqali aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu esa tuman ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri