Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratilgan subsidiya hisobiga 2 ming 636 fuqaroning bandligi ta’minlangan
23:14 / 2023-10-20

Kam ta’minlangan va mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni qishloq xo‘jaligi kooperativlar ustav fondiga o‘z ulushi bilan kirishlari uchun 2,2 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi hisobiga 711 nafar fuqaro kooperatsiya a’zolari sifatida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan 32 ming 713 nafar fuqarolarga o‘z faoliyatini boshlashlari uchun asbob-uskuna va mehnat qurollarining xaridi uchun 153,8 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan esa joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 11,2 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, 9 oylik rejaga nisbatan 95 foiz bajarilgan. Natijada mahalliy mehnat organlarida ishsiz va band bo‘lmagan, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan 2 ming 636 nafar fuqaroning bandligini ta’minlashga erishildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda qayd etildi. Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi” va “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi”dan ajratilgan subsidiyalardan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan 2023 yil 1 oktyabr holatidagi ijrosi to‘g‘risida"gi axboroti eshitildi.  

Qayd etilganidek, ishsiz, kam ta’minlangan tomorqa yer egalariga yengil konstruksiyali issiqxona qurish, sug‘orish vositalarini o‘rnatish, ko‘chatlar va urug‘liklar sotib olish uchun 26,5 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Natijada 3 ming 380 nafar fuqaro oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.

Shu bilan birga, ish beruvchilarga mahalliy mehnat bo‘limlari yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun 385,7 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Buning hisobiga 291 nafar fuqaro mahalliy bandlik organlari yo‘llanmalari orqali ishga qabul qilingan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni, kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga jami 2 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan va 815 nafar ehtiyojmand shaxslar bandligi ta’minlandi.

– Aholi bandligiga ko‘maklashish borasidagi amaliy sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish lozim, – dedi deputat Durbek Ahmedov. – Mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish zarur. Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish oldimizda turgan vazifalardandir.

Qizg‘in muhokamalarda bildirilgan takliflardan kelib chiqib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA