Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi tashabbusi bilan hududda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputatlari, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi rahbariyati, tuman va shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari rahbarlari, O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi xodimlari, partiyaning tuman va shahar Kengashlari apparat rahbarlari, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari vakillari, faollar ishtirok etdi.

Jamoatchilik eshituvida O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani, fuqarolar bandligini ta’minlash va ishsizlikdan himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida mustahkamlangani alohida e’tirof etildi. Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishlarida belgilangan vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar bugungi kunda Toshkent viloyatida izchil amaliyotga tatbiq etilayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi rahbari To‘lqinjon Fayziyev so‘zga chiqib, partiyaning tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish masalalaridagi faol ishtirokiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda partiya deputatlari nafaqat qonun ijodkorligida, balki joylarda manzilli ish olib borish, aholi muammolarini hal etishda ham faol ishtirok etmoqda.

Shundan so‘ng, Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Erali Abdurasulov tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng qamrovli axborot taqdim etildi. Unda huquqiy, institutsional va iqtisodiy mexanizmlar uyg‘un joriy etilishi natijasida viloyatda kambag‘allik darajasi joriy yil boshidagi 8 foizdan 1 noyabr holatiga ko‘ra, 3,6 foizgacha qisqargani alohida qayd etildi.
Toshkent viloyatida kambag‘allikni qisqartirishda har bir oila kesimida yondashuv joriy etilgani mazkur ishlarning o‘ziga xos jihati sifatida e’tirof etildi. Jami 116 ming oila o‘rganilib, ulardan 43 ming 756 tasi “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Shu bilan birga, 275 mingdan ziyod individual xizmatlar ko‘rsatilishi natijasida 14 ming 871 oila kambag‘allikdan chiqarildi. “Individual rejalar” asosida 28,8 ming oilaga 47,6 mingta xizmat ko‘rsatilishi kelgusida barqaror natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Jamoatchilik eshituvida ishtirokchilar tomonidan mahallalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, ssuda, subsidiya va imtiyozli kreditlar orqali aholini daromadli faoliyatga jalb qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, har bir mahallada kamida 6 tadan oilani ssuda asosida tadbirkorlikka jalb qilish, 4 tadan oilani subsidiyalar orqali, 5 tadan oilani esa imtiyozli kreditlar asosida biznesga kiritish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi. Ushbu chora-tadbirlar doirasida minglab oilalarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Jamoatchilik eshituvida Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tomonidan 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Unda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allik darajasini yanada pasaytirish bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.

Yakunda ta’kidlanganidek, O‘zLiDeP uchun aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa bo‘lib, partiya deputatlari tomonidan joylarda manzilli ish olib borilmoqda. Bugungi kunda viloyat Kengashidagi 23 nafar hamda mahalliy Kengashlardagi 210 nafardan ziyod deputat aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka undash va kasb-hunar o‘rgatish borasida amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

– Toshkent viloyatida “kambag‘allikdan holi hudud” yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar kambag‘allik darajasini 2 foizga tushirishni asosiy maqsad sifatida belgilagan holda davom ettirilmoqda. Bu borada partiya, deputatlar va mutasaddi idoralar barcha bilim, tajriba va imkoniyatlarini safarbar etadi, — deydi Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi rahbari T. Fayziyev.
A.Musayev, O‘zA.