Buxoroda Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi hamda partiya viloyat Kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda 2026-yilda belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruzjon Fozilovning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, Prezident qarorining ijrosi doirasida 2025-yilda viloyatda 270,1 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi tasdiqlanib, shu asosda izchil ishlar olib borildi. Natijada 277,9 ming nafar fuqaro bandligi ta’minlandi.

Jumladan, investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 19 396 nafar, doimiy ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish hisobiga 170,6 ming nafar, qishloq xo‘jaligida 78,5 ming nafar, qurilish sohasida 9 315 nafar aholi ish bilan ta’minlandi.
Natijada 2025-yil yakunida ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,4 foizdan 3 foizga tushirildi.
2025-yil boshida viloyatda 41,3 ming kambag‘al oilaning 181 ming nafar a’zolari aniqlangan bo‘lib, kambag‘allik darajasi 8,7 foizni tashkil etgan. Prezidentning 2025-yil 17-yanvardagi qaroriga muvofiq, 19 558 ta oilaning 89 574 nafar a’zosini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, doimiy ishga joylashtirish orqali 20 748 ta, imtiyozli kredit ajratish hisobiga 6 770 ta, subsidiya va ssuda orqali 559 ta, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish hisobiga 2 605 ta, tadbirkorlikka jalb qilish orqali 21 123 ta kambag‘al oilaga xizmatlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 55 ta “og‘ir” mahallada infratuzilmani yaxshilash ishlari amalga oshirilib, har bir mahallaga o‘rtacha 3,2 milliard so‘mdan jami 165 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Sug‘orish tizimi, elektr ta’minoti va ichki yo‘llar infratuzilmasi yaxshilandi.
Natijada 16 018 ta xonadonning 4,3 ming gektar tomorqasida 2–3 marotaba hosil olish imkoniyati yaratildi. Tomorqa daromadlari 1,5–2 million so‘mdan 6–7 million so‘mga yetdi. 16 753 ta xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi. 1 100 dan ziyod yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi.
Yig‘ilishda 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar ham belgilab olindi. Joriy yilda 381,5 ming nafar aholini band qilish, daromadini oshirish rejalashtirilgan. 12 305 ta kambag‘al oilaning 48,7 ming nafar a’zosini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan jami 20 640 ta mikroloyiha ishga tushirilib, 41 280 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Belgilangan vazifalar ijrosi natijasida ishsizlik va kambag‘allik darajasi 2026-yil yakuniga borib 2 foizga tushirilishi maqsad qilingan.
Yig‘ilishda muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, mahalliy Kengash deputatlari va partiya faollari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA