Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bandlik dasturlari qanday ijro qilinyapti?
10:33 / 2023-07-27

Hududlarda aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bandlik dasturlari bo‘yicha ishlar holatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy hamda Samarqand viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘rganish davomida deputatlar davlat va mahalliy investitsiya dasturlari bo‘yicha yaratilgan ish o‘rinlari, ajratilgan subsidiya, grantlar, nafaqalar, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan ta’minlanish holatlariga alohida e’tibor qaratgan.  

Xususan, Buxoro viloyatida aholi bandligini ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish borasida qator amaliy ishlar qilingan. Ya’ni, 2023 yilda 4,2 ming nafar band bo‘lmagan fuqarolarni qamrab olish quvvatiga ega bo‘lgan — 1 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, 3 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda 480 nafar quvvatga ega bo‘lgan 8 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etilgan.  

Shuningdek, viloyatda mehnat organlari yo‘llanmalari asosida 2023 yil yanvar-aprel oylari davomida 2,9 ming nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishga jalb etilgan. 2023 yilning o‘tgan davrida band bo‘lmagan fuqarolarning qariyb 518 nafari o‘qishni tamomlagan. Ularning 502 nafari bandligi ta’minlangan.  

Samarqand viloyatida esa joriy yilning 1 iyun holatiga 123,4 ming aholi bandligi ta’minlangan. Xususan, mahallabay ishlash tizimi asosida hokim yordamchilari ko‘magida 9,9 ming aholi doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 9,4 mingta loyiha uchun qariyb 241,7 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham 2023 yilda jami 192 ming 987 nafar aholini daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida 44 ming 426 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilib, belgilangan reja 105 foizga bajarilgan.  

Xorazm viloyatidagi o‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, Yangiariq tumanida 2023 yilning yanvar-may oylarida 348 nafar fuqaro kasbga o‘qitishga jalb qilingan. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 393,4 gektar yerlarni axoliga "E-AUKSION" savdosi orqali ajratish hisobiga 1022 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Shuningdek, yanvar-may oylarida 26 nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar ishga joylashtirilgan.  

Yig‘ilishda keltirib o‘tilganidek, Navoiy viloyatida 2023 yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida 240 ming aholini daromadli mehnat bilan band qilish, shu jumladan 77 mingdan ziyodini doimiy ish bilan bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. 

O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 1 iyun holatiga Navoiy viloyatida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 ming 259 nafar ishsiz xotin-qizning atigi 861 nafari doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu ko‘rsatkich Karmana tumanida 7 foiz, Xatirchi tumanida 9 foiz, Zarafshon shahrida 9 foizni tashkil qilib, mazkur hududlardagi bo‘sh va yangi ish o‘rinlari bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagan. Bu deputatlar tomonidn tanqid qilindi.  

Shuningdek yig‘ilishda Samarqand viloyatida hududiy investitsiya loyihalari hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlarining prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi yanvar-may oylarida atigi 14 foizni tashkil etgani tanqid qilindi.  

O‘rganishlar yakunlari qizg‘in muhokama qilinib, aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasidan xotin-qizlarni kasbga o‘qitish xarajatlarini qoplash, tadbirkorlikka jalb etish, shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish maqsadida subsidiyalar yetarli darajada ajratilmagani aytib o‘tildi. Mazkur muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.  

 

M.Komilova,  

O‘zA