Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bandixon tumani IIB yangi binoda ish boshladi
16:20 / 2023-03-23

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda keyingi yillarda mamlakatimiz ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan islohotlar sohada tamomila yangi tizimni yaratib, xodimlarning o‘z vazifasini sidqidildan bajarishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Bu jarayonda xodimlar uchun yaratilayotgan munosib mehnat sharoiti va oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritildi. Sohada yuz bergan bunday o‘zgarish va yangilanishlar ichki ishlar organlari xodimlarini aholining tinchlik hamda xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga yo‘naltirgani bilan ahamiyatli bo‘layotgani qayd etildi.  

Yurtimizda Navro‘z nafasi atrofni yashillikka burkagan bir paytda foydalanishga topshirilgan ikki qavatli yangi binoda tinchligimiz posbonlarining elga samarali xizmat ko‘rsatishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Tumanda videokuzatuv kameralariga ulangan situatsion markaz, maxsus tergov majmuasi, ma’naviyat-ma’rifat xonasi, yotoqxona, oshxona zamonaviy usulda jihozlangan. Patrul-post xizmati, yo‘l harakati xavfsizligi va boshqa tezkor qismlar bo‘limning geoinformatsion tizimi orqali boshqariladi. Bu yerda xodimlarning siyosiy, ma’rifiy va jangovar tayyorgarligini oshirish, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining barvaqt oldini olish, jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh etish uchun yetarli sharoit mavjud. Shuningdek, aholi ko‘proq murojaat etadigan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari umumiy binodan alohida joylashgan bo‘lib, ularda ham fuqarolar uchun zarur qulaylik barpo etilgan.  

Tantanali tadbirda Surxondaryo viloyat hokimi U.Qosimov ishtirok etdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA