Yaqinda Misrda 18 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga nikohdan o‘tganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy qilindi. “Al Youm As Sabi” gazetasi yozishicha, mamlakat Vazirlar Mahkamasi shunday qonun loyihasini ko‘rib chiqqan.
Ushbu qonun jazo chorasi sifatida bir yilgacha qamoq yoki 50 mingdan 200 ming Misr funtigacha (2700 dollardan 10800 AQSH dollarigacha) jarima solinishini ko‘zda tutadi. Kuyov yoki kelin hali yosh bo‘lgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Ota-ona yoki vasiy, shuningdek, nikohni ro‘yxatdan o‘tkazgan rasmiy vakolatga ega shaxs jazolanadi.
Misr fuqarolari 18 yoshga to‘lgandan keyin rasman oila qurishlari mumkin.
Yaponiyada oradan 140 yil o‘tib, balog‘at yoshi yana 18 yoshga tushirildi. “Japan Times” nashri Adliya vazirligiga tayanib yozishicha, fuqarolik kodeksi bo‘yicha shu kungacha yigit-qizlar 20 yoshga kirsagina, balog‘at yoshiga yetgan hisoblanardi.

«Qonunni buzgan yosh yigit-qizlarga hayotini qayta izga tushirishi uchun imkoniyat yaratish lozim. Muhimi, ular nafaqat qilgan hatti-harakati uchun javobgarlikni anglasin, balki o‘zlarini jamiyat a’zosi sifatida ko‘rsin, kuchi, imkoniyatini shunga yo‘naltirsin», — deya mavzuga izoh bergan kun chiqar yurt adliya vaziri Yesixisa Furukava.
Mazkur tuzatish kuchga kirgach, yaponiyalik yoshlar 18 yoshdan yuridik shartnoma imzolashi, ota-onasidan ruxsat so‘ramay oldi-sotdi bitimi tuzishi, ya’ni, masalan, mustaqil ravishda mobil telefon xarid qilishi, avtokredit rasmiylashtirishi, kredit kartasi olishi, xonadonni ijaraga olishi mumkin.
O‘tgan yili Yaponiya hukumati tarqatgan ma’lumotda 2021 yil sentyabrgacha aholining 29,1 foizi keksalar ekani keltiriladi. Bu mamlakat tarixida eng yuqori ko‘rsatkich. Ommaviy axborot vositalari ushbu xabarni “jamiyat tez qariyotganiga yana bir dalil” deya baholamoqda. Yaponiyada 65 yoshga yetgan odam keksa hisoblanadi. Bu qatlam o‘tgan yil sentyabr oyida 36,4 million kishini, ya’ni 2020 yilga nisbatan 220 ming ko‘p miqdor tashkil qilgan.
Umuman, balog‘at davri insonning to‘liq fuqarolik hatti-harakatini amalga oshira oladigan yoshga yetganini bildiradi. Balog‘at yoshida inson qo‘shimcha huquq, majburiyat oladi. Aynan qanday huquq yoki majburiyat belgilash muayyan hukumat tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlariga bog‘liq.
Yosh bilan bog‘liq cheklov, imtiyoz yoki huquq ko‘pgina davlatlarda insonning muayyan yoshga yetishiga aloqador emas. Masalan, AQSHning aksar shtatlarida balog‘at yoshi 18, biroq spirtli ichimlik 21 yoshga to‘lgan fuqarolargagina sotiladi.

MDH mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham balog‘at davri 18 yosh etib belgilangan. Misr, Indoneziya, Gonduras, Boliviya, Argentina, Botsvana, Gabon, Gambiya, Gana, Kamerun, Liviya, Nigeriya, Madagaskar, BAA, Senegal, Singapur, Togo, Chad kabi davlatlarda bu chegara 21 yosh. Burkina-Faso, Janubiy Koreya, Tayvan, Tailand, Paragvay, Tunisda bolalik davri 20 yoshda tugaydi. Jazoir, Kolumbiya, Shotlandiyada esa yoshlar 19 da ulg‘aygan sanaladi.
Bizning fuqarolarimiz uchun balog‘at yoshi O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 15-moddasida “Nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz, ayollar uchun o‘n yetti yosh” deya ko‘rsatilgan.

Uzrli sabab bilan, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli, deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilar iltimosiga ko‘ra, nikoh davlat ruyxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.
Yurtimizda ham erta nikoh tuzganlik uchun ma’lum qonuniy jazo choralari ko‘rilgan, albatta. O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 47³-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatiga kirishish eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Ota-ona yoki uning o‘rnini bosuvchi tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanishiga olib keladi.
Xulosa shuki, balog‘at yoshiga qadam qo‘yish farzandlarimizga ko‘plab huquq berishi barobarida, ular zimmasiga jamiyatdagi o‘rnini to‘g‘ri anglash, o‘z hatti-harakati uchun javobgarlikni his etish mas’uliyatini ham yuklaydi. Muhimi, voyaga yetgan yosh fuqarolarimiz buni to‘g‘ri anglasin, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shsin, hayotda o‘z o‘rnini topsin. Bu nafaqat ularning ota-onasi bergan tarbiya natijasi, balki jamiyatning ham yutug‘i sifatida namoyon bo‘ladi.
S.Rahimov, O‘zA