O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida harbiy xizmatchilar oilalarini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda milliy qadriyatlarni targ‘ib etish maqsadida “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida “Balli ayollar” ko‘rik-tanlovining okrug bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov harbiy oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, oila institutini qadrlash, ayollarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Unda okrug tasarrufidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari faol ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilar oilalarida o‘zaro hurmat, sadoqat va mehr-oqibat muhitini kuchaytirish, oila bekalarining ma’naviy, ma’rifiy va ijodiy salohiyatini namoyon etishdan iboratdir. Shuningdek, ishtirokchilarning pazandalik, hunarmandchilik, sahna madaniyati, bolalar tarbiyasi borasidagi tajribalarini ommalashtirish ham muhim vazifalardan biri etib belgilandi.
Ishtirokchilar o‘z oilasi, turmush tarzi va qadriyatlar haqidagi “Tanishtiruv”, urf-odat va an’analarni o‘zida jamlagan “Milliy qadriyatlar – oilam ko‘zgusi”, pazandalik va amaliy san’at yo‘nalishlarida “Mahoratli beka”, hamda “Zakovat va topqirlik” shartlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Tadbir davomida milliy liboslar jilosi, qadimiy an’analarimizga xos urf-odatlar, mehmondo‘stlik san’ati keng namoyish etildi. Ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati asosida yaratilgan kashtachilik va hunarmandchilik namunalari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, sahna ko‘rinishlari va ijodiy chiqishlar orqali harbiy oila bekalarining iqtidor va tashabbuskorligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Ayniqsa, farzand tarbiyasi, oilaviy qadriyatlar va vatanparvarlik mavzusidagi chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tanlov yakunida hakamlar hay’ati tomonidan eng munosib ishtirokchilar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan oila bekasi tanlovning vazirlik bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.