Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baliqchining eng namunali mahalla raisi
12:42 / 2024-03-04

Shu kunlarda Andijon viloyatida “Eng namunali mahalla raisi” tanlovining tuman, shahar bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mahalla qadimdan tarbiya o‘chog‘i, odamlarning hamjihatlik, uyushqoqlik asosida turmush kechirishlarini ta’minlovchi go‘sha hisoblangan. Mahalla oqsoqollari, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan keksalar, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar mahalladagi barcha ishlarni, marosim-u to‘ylarni boshqargan. Mahalla ahliga barcha masalalarda yo‘l-yo‘riqlar, maslahatlar bergan. Shu ma’noda mahalla xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari ulug‘lanadigan o‘ziga xos tarbiya va boshqaruv maskani sanalgan. 

Mahalla faoliyatining ana shu o‘ziga xos jihatlari va tashkiliy asoslarini takomillashtirish, mahalla tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, aholini aniq maqsad sari yo‘naltirishda mahalla raisining o‘rni va roli nihoyatda kattadir. Shu bois ham mahalla raisi boy hayotiy tajribaga ega, aholi o‘rtasida katta hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan, bilimdon, adolatli, mahalla ahlini ezgu ishlarga ergashtira olishdek yuksak fazilatlar sohibi bo‘lishi muhimdir.

[gallery-16207]

Belgilangan shartlar asosida o‘tgan tanlovning tuman bosqichida ana shu jihatlarga, shuningdek, raislarning mahalladagi muammolarni bartaraf etish, qonunchilikdagi sohaga va faoliyatiga oid hujjatlardan qay darajada xabardorligi, tashkilotchi va tashabbuskorligi, umuman, turli yo‘nalishlar bo‘yicha mahallaning ijobiy ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratildi. 

Yakuniy natijalariga ko‘ra, 2- sektordagi "Charog‘on" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nodiraxon Toshtemirova g‘olib bo‘lib, tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. 

– Mahallamizdagi 700 ga yaqin oila tarkibida 2 ming 235 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi tanlov g‘olibasi Nodiraxon Toshtemirova. – Belgilangan barcha yo‘nalishlardagi ishlarni namunali tashkil etganmiz, ayniqsa, “mahalla yettiligi”ning hamkorligi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 2023-yilda mahallamizda birorta ham jinoyatchilik, ajrashish bo‘lmadi. Aholi bandligini ta’minlash, oilalarning doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha ham e’tiborga molik ishlar olib borildi. Tanlovda g‘olib bo‘lganligim, bu nafaqat mening, balki “mahalla yettiligi”, faollari, umuman, mahalla ahli tomonidan olib borilgan ishlarning samarasidir. Nasib etsa, tanlovning viloyat bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman. 

G‘olib va barcha ishtirokchilar tanlov tashkilotchilari tomonidan pul mukofoti, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari