Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baliqchilikka oid amaliy seminar
16:28 / 2026-01-07

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarida baliqchilik faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Sangzor ocherdis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.

Seminarda baliqchilik xo‘jaliklari xodimlari ishtirok etishdi. Uning asosiy maqsadi baliq yetishtirish jarayonida suv xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’sirlarning oldini olish, sun’iy suv havzalari hamda sug‘orish tarmoqlarida baliqchilik faoliyatini amaldagi talablar asosida yo‘lga qo‘yish, shuningdek suvdan foydalanish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashdan iborat edi.

Seminarda ta’kidlanishicha, joriy yilning yanvar oyi suv xo‘jaligi tizimida “Baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini tartibga solishga ko‘maklashish oyligi” deb e’lon qilingan bo‘lib, mazkur seminar shu doirada o‘tkazildi.

Ushbu seminar davomida mutaxassislar tomonidan baliq yetishtirish ishlari sug‘orish tarmoqlarida joylashgan gidrotexnika inshootlaridan kamida 100 metr masofada amalga oshirilishi lozimligi, suv olish joylarini suvni boshqarish va o‘lchash vositalari bilan jihozlash muhimligi tushuntirildi. Shuningdek, suvdan foydalanish bo‘yicha shartnomalarni belgilangan tartibda va o‘z vaqtida rasmiylashtirish masalalari yuzasidan ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarilib, baliqchilik faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri