Yangiyo‘l tumanida baliqchilik sohasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda 2026-yilda reja qilingan ustuvor vazifalar yuzasidan tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, hududiy mutasaddi rahbarlar, tuman va shahar hokimlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, sohaga oid mas’ullar hamda baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi. Muhokamada sohadagi holat chuqur tahlil qilinib, mahsulot ishlab chiqarish hajmi pasayib borayotgani, intensiv texnologiyalarni joriy etishda sustkashlik saqlanayotgani, ilmiy yondashuv va innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish darajasi talabga javob bermayotgani keskin tanqid qilindi.

Qayd etilganidek, tumandagi 579 ta baliqchilik xo‘jaligining 97 foizi talablarga javob bermaydi. Ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash, intensiv texnologiyalarni joriy etish orqali baliq yetishtirish hajmini 40 ming tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, mahsulotni qayta ishlash darajasi juda past ekani, qayta ishlash korxonalari soni kamligi va qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha ishlar sust kechayotgani aytildi. Ayrim xo‘jaliklar yer va suv resurslaridan samarasiz foydalanmoqda, natijada o‘rtacha hosildorlik pastligi qolmoqda.
Ba’zi holatlarda noqonuniy sun’iy ko‘llar tashkil etilgani, avval ajratilgan yer maydonlarida esa haligacha baliqchilik havzalari barpo etilmagani tanqid qilindi. Rejalashtirilgan ish o‘rinlarining ham to‘liq yaratilmagani, ayrim xo‘jaliklarda moliyaviy aylanma mavjud emasligi va soliq hamda suv to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik saqlanayotgani ta’kidlandi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 511 ta sub’ekt 5 ming 407 gektar yer maydonidan samarasiz foydalanmoqda. Natijada 1 gektar suv havzasidan o‘rtacha 1-1,5 tonna hosil olinmoqda va 2024-yilga nisbatan baliq ovlash ko‘rsatkichlari qariyb 50 foizga kamaygan.
Yig‘ilishda tuman hokimlari, prokurorlar va sohaviy mas’ullar tomonidan baliqchilik xo‘jaliklari faoliyati yetarlicha o‘rganilmagani, paxtachilik, g‘allachilik, sholichilik va bog‘dorchilik sohalari muntazam tahlil qilib borilayotgan bir paytda baliqchilik yo‘nalishi e’tibordan chetda qolayotgani va buning oqibatida ko‘rsatkichlar yil sayin pasayib ketgani ta’kidlandi.

2026-yilda sohani tubdan isloh qilish, intensiv usullarni keng joriy etish, ilmiy yondashuv asosida ishlash, xorijiy tajribani tatbiq etish, mahsulot aylanmasini tartibga solish, qayta ishlash quvvatlarini oshirish hamda soliq, suv va elektr ta’minoti bo‘yicha qarzdorliklarni o‘z vaqtida so‘ndirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Baliqchilik sohasi iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri ekani ta’kidlanib, har bir rahbar va xo‘jalikdan natijadorlik, intizom va yangilikka intilish talab etilishi alohida qayd etildi.

A. Musayev, O‘zA