“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida Navbahor tumanida baliqchilik xo‘jaliklarining faoliyati hamda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida press tur tashkil etildi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 251 ta baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning 250 tasi 1743 gektar sun’iy suv havza maydonlarida va 1 tasi 21673 gektar tabiiy suv havzasida tashkil etilgan.
– O‘tgan 2023 yil davomida viloyatdagi barcha xo‘jaliklar tomonidan 14,7 ming tonna baliq yetishtirildi, – deydi “Navoiybaliqsanoat” MCHJ rahbari Panji Ro‘ziqulov. – 2019 yilda Vengriya davlatidan 390 dona ota-ona karp baliqlari olib kelingan edi. Ayni paytda viloyatdagi baliqchilik xo‘jaliklarida ana shu navli baliqlar yetishtirilmoqda. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida intensiv usulda baliq yetishtirish texnologiyalari joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada 1 gektar maydonda baliq yetishtirish hosildorligi 10 barobargacha oshirildi. Hozirda jami 380 gektardan ortiq maydonlar intensivlashtirildi.
Bugungi kunda Navbahor tumanida 140, Qiziltepa tumanida 100, Nurota tumanida 50, Konimex tumanida 30, Xatirchi tumanida 45 va Karmana tumanida 15 gektar sun’iy suv havzalari qayta rekonstruksiya qilinib, intensiv usulda baliq yetishtirilmoqda.
[gallery-19364]
Dastlab Qiziltepa tumanidagi “GOLDEN LAKE FISH” MCHJ tomonidan quvvati 140 million dona lichinka ishlab chiqarishga ixtisoslashgan inkubatsiya sexi ishga tushirilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 6 taga yetkazilib, quvvati 252 million donani tashkil etmoqda. Shuningdek, 592 gektar maydonda 40 million dona baliq chavoqlari yetishtirishga ixtisoslashgan reproduktor havzalar ishga tushirilgan.
O‘tgan davr mobaynida viloyatda umumiy qiymati 29,1 milliard so‘m bo‘lgan 7 ta baliqchilik loyihalari amalga oshirilib, 167 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ushbu ishlarni tizimli tashkil etish hisobiga 2024 yilda baliq yetishtirish hajmi 35 ming tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Press tur ishtirokchilari Navbahor tumanida joylashgan “Navbahor golden fish” baliqchilik xo‘jaligida intensiv usulda baliq yetishtirish jarayoni bilan tanishdi.
– Xo‘jaligimiz joriy yilda tashkil etilgan bo‘lib, yarim intensiv usulda baliq yetishtiriladi, – deydi Shuhrat Davronov. – Bu yerlar tashlandiq yerlar edi. 25 gektar maydonda baliqchilik xo‘jaligini tashkil etdik. Uning 5 gektari ekin uchun, 20 gektari baliqchilikni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan. 4 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Hozirda xo‘jalikning 7,5 gektar maydonida tashkil etilgan 7 ta hovuzda Xitoy texnologiyasi asosida sazan va oq do‘ngpeshona baliqlari yetishtirilmoqda. Bir yilda 2 marta baliq yetishtirilib sotiladi. Joriy yilda 50 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilmoqda. Xo‘jalikning to‘liq quvvatda ishga tushirilishi 500 tonna baliq yetishtirish imkonini beradi.
Press tur ishtirokchilari super intensiv usulda baliq yetishtirayotgan “Yashil orol” baliqchilik xo‘jaligida bo‘ldi. Mazkur xo‘jalik 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yil davomida 2 marotaba hosil olish imkoniyati mavjud.
– Xo‘jaligimizda asosan sazan va oq do‘ngpeshona baliqlari yetishtiriladi, – deydi baliqchilik xo‘jaligi direktori Ma’rufjon Karimov. – Xo‘jalikda 8 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 16 gektar maydonda baliq ko‘llari tashkil etilgan. Har bir ko‘lda aeroterlar o‘rnatilgan bo‘lib, suvni kislorod bilan ta’minlaydi. Albatta bu uskunalar elektr toki bilan ishlaydi. Shuning uchun 6 gektarlik maydonimizga 80 kvt/soat, 10 gektarlik maydonimizga esa 160 kvt/soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilgan. Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining ehtiyojimizdan ortiqcha 30 foizini sotmoqdamiz.
Press tur davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari