Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baliqchilik – serdaromad soha
11:09 / 2022-09-25

Baliqchilik serdaromad soha bo‘lgani bois, soha ishini rivojlantirish, parhezbop va foydali ne’matlarni yetishtirish, qayta ishlash esa zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlaridan foydalangan holda, ichki va tashqi bozorga sara mahsulotlarni chiqarish bugungi kunning muhim talablaridan biridir.

Prezidentimizning 2022 yil 13 yanvardagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori esa ushbu sohani yanada rivojlantirish borasida tashlangan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Buni so‘nggi paytlarda respublikamizda, qolaversa, Sirdaryoda baliq yetishtiruvchi xo‘jalik, fermer va klasterlar tomonidan olib borilayotgan ishlardan, yetishtirilayotgan baliq mahsulotlarining hajmi ortganligidan bilsa bo‘ladi.

"O‘zagroinspeksiya"ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan Mirzaobod tumanida joylashgan "Yangiyer baliq klasteri" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga press-tur uyushtirildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili Sirdaryoda mavjud bo‘lgan 371 ta baliqchilik xo‘jaligi va ularga tegishli bo‘lgan 10 ming 700 gektarli sun’iy suv havza, 5 ta baliqchilik xo‘jaligiga tegishli 500 gektarli tabiiy suv havzalarida  5 ming 930 tonna baliq mahsulotlari yetishtirilib, aholi dasturxonlariga yetkazib berildi. Narx ham shunga yarasha, ancha barqarorlashdi.

Prezident qaroridan so‘ng, Sirdaryoda baliqchilik sohasini rivojlantirish, yetishtirilayotgan mahsulotlar turi va miqdorini ko‘paytirish, baliq mahsulotlaridan tayyorlanayotgan mahsulotlar hajmini ko‘paytirish maqsadida 11 milliard  700 million so‘mlik, 10 ta loyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 35 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, joriy yilda 50 milliard 5 million so‘mlik 11 ta loyiha amalga oshirilib, 91 ta yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi.

"Yangiyer baliq klaster" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan 500 gektarli sun’iy suv  havzalarida o‘tgan yili 178 tona zog‘ora, oq do‘ngpeshona, oq amur kabi baliq turlari yetishtirilib aholi dasturxoniga yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilgi ko‘rsatkich bundan ancha yuqori bo‘ladi.

– Umumiy yer maydoni 1258 gektarni tashkil etib, uning 500 gektarida sun’iy  suv havzalari tashkil etilgan, – deydi "Yangiyer baliq klasteri" mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Tolib Nurmuhammedov. – Baliqchilik sohasini rivojlantirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish maqsadida o‘tgan yili "Ipoteka bank" viloyat filialidan 2 milliard 135 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olgandik. Ayni vaqtda 20 million dona baliq lichinkalarini yetishtirishga mo‘ljallangan inkubatsiya sexi, 100 tonnalik sig‘imga ega sovitkich, 20 ga yaqin texnika, shundan 2 ta tirik baliq tashishga mo‘ljallangan maxsus avtomashina, 2 ta maxsus texnika, 10 dan oshiq qayiqlarimiz bor.

"Yangiyer baliq klasteri" mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan press-turda baliqchilik sohasi, uni rivojlantirish, ichki va tashqi bozorga chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan baliq mahsulotlari va turi, yetishtirish texnologiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Sh.Suyarov, O‘zA