Sirdaryo nomi tilga olinganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga nafaqat shirindan shakar, tilingizni yorgudek «obi-novvot», "ko‘kcha", "bosvoldi", "amri", "oq urug‘" kabi qovunlar, balki daryo o‘zanlarida suzib yurgan sazan, zog‘ora, amur singari baliqlar keladi. Biroq so‘nggi yillarda ekologik muammolar, suv resurslarining tanqisligi, aholi sonining oshishi va baliq mahsulotlariga talabning ko‘payishi tufayli tabiiy suv havzalarda baliq zaxiralari va turlari sezilarli darajada kamayib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrda qabul qilingan “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohani rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Mazkur qaror Sirdaryo viloyatida ham baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, tabiiy omillarga bog‘liq bo‘lmagan holda intensiv usulda baliq yetishtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 9–10 yil avval viloyatda baliqchilik xo‘jaliklari faoliyati bilan shug‘ullanadiganlar soni barmoq bilan sanar darajada bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda baliqchilik xo‘jaliklari soni 356 tadan oshdi. Bu aholini sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.

Biroq sohaning jadal rivoji bilan birga bir qator muammolar ham mavjud. Ekologik xavf-xatarlar, suv resurslarining cheklanganligi va noqonuniy baliq ovlash holatlarining ortishi sohaning barqaror taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ana shu masalalarni muhokama qilish, mavjud muammolar va ularning yechimlarini belgilash maqsadida Mirzaobod tumanidagi T. Ahmedov hududida Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamkorligida o‘quv-seminar tashkil etildi. Seminarda Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosi, sohani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari asosiy mavzu sifatida ko‘tarildi.

Tadbirda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi o‘rinbosari Mamarasul Do‘stmurodov intensiv usulda baliq yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, baliqchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan suv havzalaridan ilmiy yondashuv asosida samarali foydalanish, meliorativ holatni yaxshilash, resurs tejamkor texnologiyalar va innovatsiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, sun’iy suv havzalarida baliq mahsulotlari hosildorligini oshirish, mineral o‘g‘itlardan me’yorda foydalanish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish hamda isrofga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, mazkur qaror asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmalari zimmasiga sohani rivojlantirish, xorijiy tajribalar va zamonaviy texnologiyalar asosida intensiv baliqchilikni yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklatilgan. Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari esa suvni tejash, melioratsiya ishlarini amalga oshirish, ichki kanallar, kollektor va drenaj tizimlarini tozalash va chuqurlashtirishga mas’ul etib belgilangan.

Seminarda Mirzaobod tumani va unga tutash hududlarda faoliyat yuritayotgan baliqchilik xo‘jaliklari rahbar va mutaxassislariga amaliy maslahat va tavsiyalar berildi, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda ishtirokchilar baliqchilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan Prezident qarori, O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi hamda suvdan foydalanish tartib-qoidalari yuzasidan batafsil tushuntirish oldi. Baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini qonunchilikka muvofiq tashkil etish, suv xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’sirlarning oldini olish va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollar yuzasidan soha mutaxassislari tomonidan atroflicha izohlar berilib, amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Bunday tadbirlar baliqchilik sohasini barqaror rivojlantirish, huquqiy madaniyatni oshirish va suv resurslarini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri