English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baliqchilik – serdaromad soha
12:18 / 2019-11-20

Farg‘ona viloyatida joriy yilda baliq yetishtirishni 20 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.


Farg‘ona viloyatida joriy yilda baliq yetishtirishni 20 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Bag‘dod tumanining Markaziy Farg‘ona hududida joylashgan Karimbobo cho‘l hududida tashkil etilgan “Sho‘rtepa oydin ko‘li” baliqchilik fermer xo‘jaligi faoliyati bu boradagi e’tibor va rag‘bat tufayli jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda xo‘jalikning 64 gektar sun’iy ko‘l havzalarida oq amur, do‘ngpeshona, sazan (karp) singari baliqlar parvarishlanib, Farg‘ona vodiysi viloyatlari hamda Toshkent viloyati bozorlariga yetkazib berilmoqda. Yillik mahsulot ayirboshlash hajmi 3 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etadigan xo‘jalikda 10 ta doimiy va 20 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.

– Hozirgi kunda yangi-yangi innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish orqali ulkan yutuqlarga erishmoqdamiz, – deydi xo‘jalik rahbari Mirzakarim Nishonov. – Baliqchilik sohasiga ixtisoslashgan ilmiy muassasalar mutaxassislari bilan hamkorlikda xo‘jaligimizning o‘zida chavoq yetishtirish, omuxta yem ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Yaqinda fermer xo‘jaligi tomonidan yana bir loyiha amalga oshirilishi natijasida 30 tonna sig‘imga ega muzlatgichli omborxona barpo etildi. Bu yerda baliq mahsulotlari zamonaviy usulda muzlatilib, yaroqlilik muddati uzoq vaqt saqlangan holda sifatli tarzda iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Fermer xo‘jaligi qoshida baliqni sanoat usulida qayta ishlash faoliyati ham yo‘lga qo‘yilib, shartnoma asosida buyurtmachilar konserva mahsulotlari bilan ta’minlanyapti.

– Baliqchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda “Ipotekabank”ning Qo‘qon filialidan 120 million so‘m imtiyozli kredit olindi, – deya suhbatimizni davom ettiradi xo‘jalik rahbari M.Nishonov. – Faoliyatimizni jahon andozalari darajasida rivojlantirish maqsadida Vetnam tajribasini o‘rganib kelganman. Yaqinda xitoylik tadbirkorlar bilan shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Xitoy texnologiyalarini olib kelib o‘rnatish evaziga bir necha turdagi konserva mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lamiz. Asosiy maqsad konserva mahsulotlarini xorijga eksport qilishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, Markaziy Farg‘onaning tabiati so‘lim hududida joylashgan mazkur maskanda ekoturizmni rivojlantirish uchun ham katta imkoniyat mavjud. Ayni jihatlarni inobatga olib, fermer xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan biznes-reja, ekoturizm xaritasi ishlab chiqilmoqda. Istiqbolli yangi biznes-reja ekoturizm ishqibozlariga hudud bo‘ylab maroqli sayohat uyushtirish, baliq ovlash, turli usullarda tayyorlanadigan baliqlardan iste’mol qilish, tabiatning tabiiy manzaralaridan zavq olish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.