Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi
16:45 / 2023-12-18

Baliqning foydali jihatlari juda ko‘p. Uning mahsulotlari yuqori biologik qiymatga ega bo‘lib, parhez xususiyatiga ega bo‘lgani uchun yaxshi ozuqa hisoblanadi. Bu ne’mat aminokislotalar va “D” vitaminiga o‘ta boy, uni yetarli darajada iste’mol qilish moddalar almashinuvini me’yorida saqlab turadi.

Inson salomatligi uchun zarur parhezbop mahsulotlarni ko‘paytirish hamda tadbirkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish dolzarb masala. 

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 18 avgustdagi “Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish, tabiiy va sun’iy suv havzalaridan oqilona foydalanish, baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida bir qancha ustuvor vazifalar belgilab berildi. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyevaning ma’lum qilishicha, 2024 yil 1 yanvardan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi. 

Bugungi kunda tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari — suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o‘tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etilgan. 

Shuningdek, 2023-2024 yillar davomida baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlari tashkil etiladigan suv omborlari ro‘yxati shakllantirildi. Suv havzalarining 40 ga yaqinida xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun bir necha turdagi turizm xizmatlari tashkil etildi. 

Respublikadagi 264 ta tabiiy suv havzalaridan reproduktiv ahamiyati past va doimiy ixtiofaunaga ega bo‘lmagan 186 tasi xatlov qilinib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga samarali foydalanish uchun topshirildi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA