Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baliqchilik: Buxoroda 51 ta loyiha amalga oshiriladi
15:17 / 2022-01-07

Buxoro viloyatida baliqchilik tarmog‘ini yanada kengaytirish, “luqmai halol” yetishtirishni ko‘paytirish va aholi dasturxonini to‘kin qilish maqsadida 2022 yilda 51 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Moddiy qiymati 54,1 milliard so‘mlik loyihalarni amalga oshirish hisobiga qo‘shimcha 574 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 8,1 ming tonna baliq yetishtiriladi.

Buxoro, G‘ijduvon, Qorako‘l, Qorovulbozor tumanlarida 1 gektarda 100 tonna baliq yetishtirish intensiv usuli keng joriy qilinmoqda. 70 gektar maydonda intensiv havzalar barpo etilayotir. Yaqin oylarda viloyatdagi 900 gektar sun’iy suv havzalarini intensivlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Baliq yetishtirish mahsuldorligi 4-5 barobarga oshiriladi. 

Viloyatning Buxoro, G‘ijduvon, Jondor, Shofirkon, Kogon, Olot va Qorako‘l tumanlarining 1 ming 300 ta aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish uchun “Buxorobaliqsanoat” va “Buxorobaliq” MCHJlari va “Buxoroneftqurilishmontaj” MCHJ baliqchilik klasteri tomonidan baliqchilik kooperatsiyasi tashkil etiladi. Natijada 1,3 ming nafar aholining doimiy bandligi ta’minlanadi va oilaviy daromadi oshadi. Ayni paytda sohaga ilg‘or ilmiy–innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida Buxoro Davlat universiteti ixtiolog olimlari bilan  hamkorlikda ishlanmoqda. 

Buxoro tumanidagi “Buxorobaliq” MCHJ baliqchilik klasteri bazasida baliqchilik laboratoriyasi tashkil etilgan. Bu yerda baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlarini malakasini oshirish tizimi joriy etilgan. Bundan tashqari, intensiv suv havzalaridagi o‘simlikxo‘r baliqlar uchun “ryaska”, “azolla” hamda “xlorella” kabi suv o‘tlarini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan. Soha mutaxassislari tomonidan doimiy viloyatdagi mavjud tabiiy suv havzalari monitoringgi  o‘tkaziladi. Shuningdek, sho‘rlik darajasi va iqlim sharoitiga mos bo‘lgan baliq turlarini ko‘paytirish bo‘yicha Turkiya va Gretsiya davlatlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

 

Zarif Komilov, O‘zA