Samarqand tumanidagi “Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan “Baliq sayli” gastronomik festivali doirasida mazkur ko‘p tarmoqli tadbirkorlik sub’ekti qoshida baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini o‘qitishga ixtisoslashgan o‘quv markazi faoliyat boshladi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 avgustda qabul qilingan “Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan o‘quv markazida Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti professor-o‘qituvchilari, tajribali baliqchilar tomonidan mashg‘ulotlar olib boriladi. Shuningdek, baliqchilik sohasini o‘rganayotgan talabalar bu yerda amaliyot o‘taydi.


– O‘quv markazimizga xorijlik mutaxassislarni ham jalb qilish rejalashtirilgan, – deydi “Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligi rahbari Ilhom Halimov. – Yaqinda Vengriyadan kelgan mutaxassis 15 kun davomida amaliy mashg‘ulotlar o‘tdi. Kelgusida xorijlik boshqa hamkorlarimizni ham taklif etib, baliqchilikning intensiv usullari bo‘yicha o‘quvlar tashkil etmoqchimiz.


Bugungi kunda Samarqand tumanida 13 ta baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tasarrufida 50 gektar sun’iy suv havzasi, 4 gektar intensiv texnologiyali havza va 1 gektar aylanma suv tizimlari mavjud. Yil boshidan buyon tumanda 550 tonna baliq yetishtirilib, o‘tgan yilga nisbatan 100 foiz o‘sish ko‘rsatkichiga erishildi. Birgina “Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligi tomonidan 20 gektar suv havzasida 170 tonna baliq va baliq chavoqlari yetishtirildi.
Festival davomida baliq va baliq mahsulotlari namoyish etildi, baliq yetishtirish texnologiyalari haqida ma’lumot berildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari