Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi ayni kunlarda Andijon viloyatida ham paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan. Viloyat paxtakorlari belgilangan yillik marra sari kundan-kunga yaqinlashib bormoqda.
Paxta xirmonining yuksalishiga barcha tumanlar munosib hissa qo‘shmoqda. Baliqchi viloyatning eng katta tumanlaridan biri hisoblanadi. Tumanda dehqonchilik, ayniqsa, paxtachilikda o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan. Shu bois ham, har yili paxtadan mo‘l hosil yetishtiriladi.

Joriy yilda tumandagi “TETRATEX MCHJ”, “SKORTON TEKSTIL MCHJ”, “VODIY AGROTECH MCHJ” paxta to‘qimachilik klasterlari, shuningdek, 307 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 8 ming 100 gektar maydonga paxtaning “Andijon 35”, “Sulton” va istiqbolli “Xin Lu Zao 52” navli chigit urug‘i ekilib, mo‘l hosil yetishtirildi. Tuman paxtakorlari bu yil 36 ming 123 tonna paxta yig‘ib-terib olishni rejalashtirgan.

– Paxta yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda, – deydi tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Latifjon Jo‘rayev. – Tumanimizdagi 66 mahalla fuqarolar yig‘inlaridan uy bekalari, uyushmagan aholi vakillari 79 ta terim otryadi tarkibiga jalb etildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, qishloq xo‘jaligiga, xususan, paxta yig‘im-terimiga zamonaviy texnika vositalarini joriy etish orqali aholi mehnatini yengillashtirish, hosilni sifatli va qisqa muddatlarda terib olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois ham terim ishlariga 35 ta yuqori unumdor zamonaviy kombaynlar jalb etilgan.

Ma’lumki, har bir kombayn bir kunda o‘rtacha 30 tonna paxta hosilini terib olish imkoniyatiga ega. Ayni paytga qadar Baliqchi tumanida 15 ming tonnaga yaqin “oq oltin” terib olindi.
Yig‘im-terim ishlari qizg‘in davom etayotgan bugungi kunda tumandagi 25 dan ortiq fermer xo‘jaliklari yillik shartnoma rejasini bajardi. Ayniqsa, A.Navoiy massividagi “Odiljon xoji ota 2020”, “Istiqbol” massividagi “Tursunboy Tojiboyev”, O‘zbekiston massividagi “Dehqon”, Mirzo Ulug‘bek massividagi “Ilg‘or Ibrohim”, A.Mo‘minov massividagi “Orzu Abdukarim Mo‘minov yerlari” fermer xo‘jaliklarida hosildorlik gektariga 45-50 sentnerga yetkazildi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA