Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Baliqchi" ning ovi baroridan kelmadi
15:56 / 2026-02-24

Sardoba tumanida noqonuniy baliq ovlash holati aniqlandi. Navbatdagi nazorat-reyd tadbiri davomida ekologiya xodimlari tomonidan “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tabiat qonunchiligini qo‘pol ravishda buzish holati fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri taqiqlangan ov quroli — to‘r yordamida 6 dona oq do‘ngpeshona balig‘ini noqonuniy ravishda ovlagan. Holat joyida dalillar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda hujjatlar sud organlariga yuborildi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 24 million 720 ming so‘m etib hisoblandi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, oq do‘ngpeshona balig‘i suv havzalari ekotizimida muhim o‘rin tutadi. Ularning noqonuniy ovlanishi tabiiy bioxilma-xillikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois taqiqlangan ov qurollaridan foydalanish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

–  Suv havzalarida bioresurslarni muhofaza qilishga qaratilgan reyd tadbirlari muntazam ravishda davom ettirilmoqda, –  deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shuhrat No‘’monov.  –  Tabiat ham inson kabi — u ham e’tibor va mehrni his etadi. Shu bois har bir fuqaro qanday sharoit bo‘lishidan qat’i nazar, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi kerak. Bu borada muntazam targ‘ibot ishlarini olib bormoqdamiz. Biroq tabiatga bepisand munosabatda bo‘layotganlar ham uchrab turibdi. Qonun — ustuvor, bunday holatlarga befarq qarab turolmaymiz.

Aks holda, “oson o‘lja” ortidan quvgan baliqchi kabi, ov baroridan kelmasligi, balki jiddiy moliyaviy jarima va huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri