Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholini sifatli oqsil manbalari bilan barqaror ta’minlash borasida baliqchilik tarmog‘i muhim o‘rin tutmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 206 ming 211 tonna baliq yetishtirildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 3,4 foizga ko‘paygani sohada izchil o‘sish ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida Jizzax viloyatida 12 ming 485 tonna baliq yetishtirilib, tarmoqda barqaror dinamika qayd etildi. Mazkur natija sun’iy suv havzalarini kengaytirish, intensiv parvarish usullarini joriy etish, ozuqa bazasini mustahkamlash va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash choralari samarasi bo‘lmoqda.
Sohadagi islohotlar Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 18-avgustda qabul qilingan “Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida yanada jadallashdi. Hujjatga muvofiq, suv resurslaridan samarali foydalanish, sohani huquqiy jihatdan tartibga solish, baliq ovlash infratuzilmasini rivojlantirish va sohada turizm imkoniyatlarini kengaytirish vazifalari belgilab berilgan.
Jizzax viloyatida mazkur qaror ijrosi doirasida yangi suv havzalari ishga tushirilmoqda, intensiv texnologiyalar asosida ishlovchi xo‘jaliklar soni ortib bormoqda. Qayta ishlash quvvatlarini yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish, ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ilmiy yondashuv va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish Jizzax viloyatining baliqchilik salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki aholi bandligi va farovonligini ta’minlashda ham muhim omildir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri