Yurtimizda baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, ushbu sohada yer va suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, hatto sun’iy suv havzalarida baliq yetishtirib, aholini mahalliy toza baliq mahsulotlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, bu imkoniyatlardan samarali va keng foydalanayotgan Xorazm viloyati hozirgi vaqtda eng ko‘p baliq ovlayotgan va yetishtirayotgan hududlardan biri hisoblanadi.
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar – iyun oylarida respublikamizdagi barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 53,2 ming tonna baliq ovlangan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga o‘sgan. Joriy yilning yanvar – iyun oylarida Xorazm viloyatida 9,4 ming tonna baliq ovlangan. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha eng yuqori ulushga ega bo‘lib, jami ovlangan baliqlarning 17,7 foizini tashkil etgan.
Hududlar kesimida qaraladigan bo‘lsa, Xorazm viloyatidan keyingi o‘rinda Toshkent viloyati bormoqda - 5,4 ming tonna. Jizzax 5,2 ming tonna, Andijon 4,9 ming, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 4,6 ming, Sirdaryo viloyati 4,6 ming tonna, Navoiy viloyati 4 ming, Farg‘ona viloyati 3,8 ming, Samarqand viloyati 3 ming, Namangan 3 ming, Buxoro 2,4 ming, Surxondaryo 1,8 ming hamda Qashqadaryo viloyati 1,1 ming tonna baliq ovlagani ma’lum qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA