Baliqchilikning rivojlanishi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash barobarida, aholini baliq tarkibidagi yuqori sifatli oqsillar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston uchun baliqni iste’mol qilishning minimal me’yor miqdori bir yilda bir kishi uchun 12 kilogrammni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich dunyo miqyosida 16,6 kilogrammdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "O‘zbekbaliqsanoati" uyushmasi raisi o‘rinbosari Maqsud Ostonov ishtirokidagi brifingda baliqchilik sohasida 9 oy davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish hamda kooperatsiya usulida “xonadon – kooperatsiya klaster” zanjiri yaratilib, baliq yetishtiruvchi xonadonlar soni 800 taga yetkazildi. Respublikamizda baliq yetishtirish hosildorligi past bo‘lgan sun’iy suv havzalariga aerator moslamalarini o‘rnatish hisobiga baliq yetishtirish hosildorligi gektaridan 5 baravarga oshirildi.
Joriy yilning 9 oyi davomida 3,2 ming gektar sun’iy suv havzalarida 3 ming 530 ta aerator moslamasi o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar ularning maydonini 5,7 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Mazkur intensiv texnologiyalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish barobarida Toshkent tumanidagi “Eko drip” MCHJ tomonidan intensiv basseynlar, nasos, truba va fitinglar, filtrlash uskunalari, aerator moslamalari ishlab chiqarilmoqda.
Baliqchilik tarmog‘ining yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan baliqchilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha joriy yilda 35 ta klaster faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur klesterlar tomonidan hozirga qadar 29 ming tonna tovar baliq va 14 ming tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Qimmatbaho sovuq suv baliqlari bo‘lgan forel, losos, osyotr baliqlari yetishtiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan subsidiyalar ajratilishi natijasida 7 ta xo‘jalik ishga tushirilib, ushbu yo‘nalishdagi xo‘jaliklar soni 20 taga, yillik ishlab chiqarish quvvati 3,5 ming tonnaga yetkazildi.
Yetishtirilayotgan baliqlarni yuqori sifatli omuxta yem bilan ta’minlash maqsadida 2 ta omuxta yem ishlab chiqaruvchi hamda 3 ta baliqni qayta ishlovchi korxona ishga tushirildi. Hozirda respublika miqyosida omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 67 tani, baliqni qayta ishlovchi korxonalar soni esa 63 tani tashkil etadi.
Mamlakatmizning barcha xududlaridagi xonadonlarda baliq yetishtirish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Natijada aholi bandligi ta’minlanib, mahsulot hajmi sezilarli ravishda oshirildi. Xususan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Qarshi, Kitob kabi tumanlarida 134 ta xonadonda forel balig‘ini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. 800 ta ishsiz aholi bandligi ta’minlanib, yetishtirilgan baliqlar hajmi ming tonnaga yetkazildi.
Jizzax viloyatidagi Sharof Rashidov, Zarbdor va Zomin tumanlarida “Gold fish agro export” MCHJ baliqchilik klasteri tomonidan eksperiment tariqasida “xonadon-klaster” kooperatsiya usulida baliq yetishtirish tashkil etilib, aholi bandligini ta’minlash borasida ishlar boshlab yuborildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “BDK” korxonasi tomonidan Germaniyaning “Agravis” konserni bilan hamkorlikda respublikada birinchi marta baliqlarning aeramanoz kasalligiga chidamliligini orttiruvchi yemni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Respublika tabiiy suv havzalarida kamayib borayotgan sudak balig‘ining yo‘qolib ketish xavfini kamaytirish maqsadida Xorazm viloyatidagi “Xiva Qorako‘l” fermer xo‘jaligi tomonidan ushbu baliq urchitilib, ilk bor sudak baliq chavoqlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Tabiiy va sun’iy havzalarda ozuqa biomassasini rivojlantiradigan, suvning sho‘rlanish darajasining kamayishiga va kislorodning oshishiga olib keladigan xlorella o‘simligi introduksiya etildi. Mazkur o‘simlik karp baliqlarining hosildorligini 4-5 baravarga oshishiga olib keladi. Ushbu o‘simlikni Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi suv havzalarida ko‘paytirish sinov tariqasida tekshirib ko‘rilganda, suvning sho‘rlanish darajasi 2 baravarga kamayib, kislorod darajasi 3 baravarga oshdi. Hozirda Andijon, Namangan, Buxoro, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida baliqchilik sohasida foydalanish boshlandi.
- Mamlakatimizda baliqchilikni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlar aholining oqsilga boy mahsulotlarga bo‘lgan talabini qondirish, narx-navo barqarorligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda, - deydi Maqsud Ostonov. - Baliq mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash texnologiyalarini joriy etish va soha tarmoqlarining eksport salohiyatini oshirish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Ta’kidlashim lozimki, fermerlarimiz baliq yetishtirishning intensiv usulidan keng foydalanmoqda. Yopiq suv aylanish tizimi, intensiv kichik suv havzalari, qafas (sadok) va «Sholi+baliq» usullarida yetishtirilgan baliqlar inson salomatligi uchun foydali ekani ham e’tirof etilmoqda. Dehqon bozorlarida tirik baliq sotish uchun 148 ta maxsus akvariumli savdo nuqtasi tashkil etilgan bo‘lib, birgina Toshkent shahri bozorlarida 58 ta savdo nuqtasi orqali 12,5 mingdan 30 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda har xil turdagi baliqlar sotilmoqda. Shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan maxsus muzlatgichga ega bo‘lgan avtomashinalarda mintaqa bo‘ylab, buyurtmaga asosan forel va osyotr baliq mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Sohada amalga oshirilgan loyihalarning moliyalashtirilishi natijasida joriy yilning 9 oyida 520,1 milliard so‘mlik 199 ta loyiha ishga tushirilib, 1 ming 370 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yil yakuniga qadar jami qo‘shimcha 840 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA