French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baliq brakonerlari tabiatga milliard so‘mlik zarar yetkazdi
16:12 / 2025-12-26

Sardoba suv ombori hududida olib borilgan nazorat reydlari davomida fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda 3 turdagi jami 69 dona baliq ovlanganligi aniqlandi.

Bu holat oqibatida tabiat va ekologik muhitga yetkazilgan zarar miqdori 110 million 4 ming so‘mni tashkil etdi. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Sardoba tumani prokuraturasiga yuborildi.

E’tiborli tomoni, bundan birmuncha vaqt oldin Sirdaryo tumanida elektr qarmoq yordamida noqonuniy baliq ovlagan fuqarolar qo‘lga tushgandi. Ular 7 turdagi jami 38 dona baliqni qonunga xilof ravishda ovlagani aniqlanib, ular tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 521 million 180 ming so‘m hisoblangan.

Shuningdek, Guliston tumanidagi  Baxmal mahallasida istiqomat qiluvchi A.T. va M.D. tomonidan “Sho‘razak” zovuri hududida sodir etilgan qonunbuzarlik natijasida 37 dona baliq elektr quroli yordamida noqonuniy ravishda ovlangani aniqlanib, ular tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar 352 million 672 ming so‘m deb hisoblangan.

–   Ushbu faktlar brakonerlikning nafaqat moddiy zarar, balki ekotizimning barqarorligiga tahdid solishi, suv va biologik turlilikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida jiddiy ogohlantiruvchi signal hisoblanadi,  –   deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi shu’ba mudiri Jamshid Hoshimov.  –    Baliq populyatsiyasining kamayishi va suv omborlari ekotizimiga yetkazilgan zarar barqaror rivojlanish va mahalliy aholi uchun ov resurslariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ekologik tahlillar shuni ko‘rsatadiki, brakonerlik nafaqat qonunbuzarlik hisoblanadi, balki tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning samaradorligini ham pasaytiradi. Suv omborlari va dunyoviy ekotizimlarda har bir baliq turining ahamiyati katta bo‘lib, ularning ovlanishi hududdagi xilma-xilikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Sardoba va Sirdaryoda ro‘y bergan holatdan kelib chiqib, ekologlar va qonunni muhofaza qilish idoralari jamoatchilik e’tiborini ushbu muammoga qaratmoqda. Ular baliq brakonerligiga qarshi qat’iy chora-tadbirlar qo‘llash, nazoratni kuchaytirish va mahalliy aholini ekologik savodxonlikka o‘rgatishning zarurligini ta’kidlaydi.

Brakonerlikning bunday oqibatlari faqat moddiy zarar bilan chegaralanmaydi: suv ekotizimining buzilishi, baliq populyatsiyasining kamayishi va ekologik muvozanatning yo‘qolishi — bizning tabiatimiz uchun doimiy tahdid hisoblanadi. Shu bois, jamoatchilik va qonunni muhofaza qilish idoralari hamkorligida barcha zarur choralar ko‘rilmas ekan, baliq brakonerligi mamlakatimiz ekologiyasiga yanada katta zarar yetkazishi mumkin.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri