Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baland va purviqor tog‘lar — tabiatning betakror mo‘’jizasi
18:14 / 2025-12-10

11 dekabr — Xalqaro tog‘lar kuni

Ona tabiatning har bir qismi sayyoramizning yaxlitligini, barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Jumladan, baland va purviqor tog‘lar tabiatning betakror mo‘’jizasi sifatida har bir insonning hayratiyu havasiga sabab bo‘ladi. Tog‘lar go‘zal sayyohlik manzili bo‘lish barobarida insoniyat hayoti va kelajagida ham ajralmas o‘rin tutadi.  

Bu haqda O‘zbekiston Ekologik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva quyidagilarni qayd etdi:

— 1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Xalqaro tog‘lar kunini joriy etish tashabbusi ilgari surilgan. 2002 yil “Tog‘lar yili” deb e’lon qilindi va BMT Bosh Assambleyasining 57-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga binoan 11 dekabr rasman Xalqaro tog‘lar kuni sifatida e’tirof etildi.

Bu sana jahon hamjamiyati e’tiborini tog‘lardagi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish hamda tog‘li hududlarda istiqomat qilayotgan aholining turmush darajasini oshirish masalalariga qaratishi bilan alohida ahamiyatga ega.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizdagi quruqlik maydonining qariyb 27 foizini tog‘lar tashkil etadi. Dunyo aholisining taxminan 15 foizi aynan shu hududlarda yashaydi. Shunga qaramay, bugungi kunda tog‘li mintaqalardagi har uchinchi kishi oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga duch kelmoqda.

Tog‘lar insoniyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan. Ilk davrlarda odamlar tog‘ g‘orlarida panoh topib, turli xavf-xatarlardan muhofazalangan. Shu bilan birga, tog‘lar yerdagi eng noyob o‘simlik va hayvonot turlari uchun tabiiy qo‘riqxona, deyarli barcha yirik daryolar uchun esa asosiy suv manbai hisoblanadi. Tog‘li landshaftlar ko‘plab xalqlarning madaniyati, urf-odatlari va turmush tarzida muhim o‘rin egallaydi.

Bugun iqlim o‘zgarishi tog‘lar ekotizimiga eng katta xavf soluvchi omillardan biriga aylanib bormoqda. Haroratning ko‘tarilishi muzliklarning tez erishiga sabab bo‘lib, sel, ko‘chki va toshqinlar xavfini oshirmoqda. Shuningdek, yer qoplamining buzilishi, cheksiz daraxt kesish, qazilma boyliklarni nazoratsiz o‘zlashtirish, barqaror bo‘lmagan dehqonchilik amaliyoti kabi omillar yerdan noratsional foydalanishga olib kelmoqda. Bu esa tabiiy ofatlar xavfini kuchaytiradi, bioxilma-xillikni tez yo‘qotadi va tog‘ jamoalarining hayotini yanada mo‘rt hamda beqaror holga keltiradi.

Suv, energiya va oziq-ovqat xavfsizligi tog‘lardan boshlanadi. Dunyo aholisining qariyb yarmi hayoti to‘g‘ridan-to‘g‘ri tog‘ ekotizimlariga bog‘liq. Sababi dunyodagi chuchuk suv zaxiralarining katta qismi tog‘larda joylashgan, ko‘plab yirik daryolar o‘z manbaini muzliklardan oladi. Tog‘li o‘simlik dunyosi global ekologik muvozanatni ta’minlab turadi. Ko‘plab davlatlar energiya ta’minotida gidroenergetikaga tayanadi.

Ilmiy tadqiqotlar tog‘larning bir qator muhim vazifalarni bajarishini ko‘rsatmoqda. Jumladan, tog‘lar tektonik plitalarni «qoziq» kabi ushlab, yer qimirlashlarining kuchini ma’lum darajada kamaytiradi va barqarorlikka hissa qo‘shadi. Tog‘lardagi qor va muz dunyodagi eng yirik chuchuk suv zaxiralaridan birini tashkil qiladi, millionlab insonlar aynan shu suv manbalaridan foydalanadi. Tog‘ iqlimi va landshafti o‘simliklar xilma-xilligini saqlash va tabiiy tiklanish jarayoni uchun asosiy omil hisoblanadi. Shuningdek, yuz millionlab yillar davomida sodir bo‘lgan tektonik siljishlar natijasida vodiylar, daralar va tabiiy o‘tish yo‘llari shakllangan, rang-barang qiyalar, baland cho‘qqilar va betakror manzaralar tog‘larni tabiatning bebaho bezagiga aylantiradi.

Tog‘lar shunchaki tabiiy go‘zallik emas, balki barqaror kelajagimizning mustahkam poydevori. Shunday ekan, tog‘larni asrash va ulardan oqilona foydalanish — butun insoniyatning barqaror kelajagini ta’minlash bilan barobar. Shuning uchun ham tog‘li hududlarda barqaror turizmni rivojlantirish, mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilish va tabiatni muhofaza qilish siyosati o‘ta muhim.

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA