Bugun Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida "Baku Energy Week" an’anaviy energetika haftaligi o‘z ishini boshladi.
Ozarbayjon energetika vazirligi va "SOCAR" davlat neft kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati ham o‘zining yirik investitsiyaviy loyihalari va hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etmoqda.

Mazkur haftalikning rasmiy ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi va u o‘z nutqida mamlakatning energetika salohiyatini xalqaro sarmoyadorlar va hamkorlarga namoyish etish ahamiyatini alohida qayd etdi.
E’tiborlisi, nufuzli tadbir doirasida Ozarbayjon Prezidenti "O‘zbekneftgaz" AJ korporativ stendiga tashrif buyurib, kompaniyaning hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusi rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Haftalik doirasida “Kaspiy neft va gaz” xalqaro ko‘rgazmasi, “Kaspiy xalqaro energiya va qayta tiklanadigan energiya manbalari" konferensiyasi hamda Boku energetika forumi kabi tadbirlar o‘tkazilmoqda.
"O‘zbekneftgaz" AJ axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu haftalik 4 iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA